Samsung‘ning kutilayotgan Samsung Galaxy S26 FE smartfoni haqida yangi ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Bu haqda Sammobile nashri xabar bermoqda.
Internetda qurilmaning rasmiy fon rasmi ekani aytilayotgan tasvir tarqaldi. Avvalroq Galaxy S26 FE’ning ilk renderlari paydo bo‘lgan va unda smartfon fon rasmining bir qismi ko‘ringan edi. Endi esa ushbu tasvir ancha aniq holatda namoyish qilindi.
Sizib chiqqan fon rasmi dizayni Samsung‘ning Galaxy S26 seriyasi uchun tayyorlangan grafik uslubga yaqin. Unda yumshoq chiziqlar bilan ishlangan «S» shakli aks etgan bo‘lib, bu kompaniyaning Galaxy S oilasiga ishora qiladi. Bunday vizual yechim Samsung‘ning yangi avlod flagman va subflagman qurilmalarida yagona dizayn konsepsiyasini saqlab qolishga urinayotganini ko‘rsatadi.
Mazkur sizib chiqish Galaxy S26 FE ustidagi ishlar ancha oldinga siljiganidan darak berishi mumkin. Samsung Galaxy S25 FE modelini 2025-yil sentabr oyida taqdim etgan edi. Kompaniya FE seriyasida yillik yangilanish sikliga amal qilsa, Galaxy S26 FE 2026-yil sentabr oyida namoyish etilishi ehtimoli yuqori.
Avvalgi xabarlarga ko‘ra, Galaxy S26 FE BOE tomonidan ishlab chiqarilgan OLED displey bilan jihozlanadi. Smartfon Exynos 2500 chipi asosida ishlashi kutilmoqda. Qurilmaning versiyalaridan biri 8 GB tezkor xotiraga ega bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, Galaxy S26 FE Android 17 asosidagi One UI 9.0 interfeysi bilan taqdim etilishi aytilmoqda. Bu esa model Samsung‘ning yangi dasturiy imkoniyatlari va sun’iy intellekt funksiyalarini qo‘llab-quvvatlashini anglatadi.
Hozircha Samsung Galaxy S26 FE haqida rasmiy ma’lumot bermagan. Shu sababli qurilmaning yakuniy dizayni, texnik xususiyatlari va narxi taqdimotga yaqinroq ma’lum bo‘lishi kutilmoqda.
Qaynoq24.uz Samsung Galaxy S26+ va Galaxy S26 o‘rtasidagi asosiy farqlar haqida yozgan edi.


