Changan kompaniyasi tomonidan Changan CS75 Plus HEV va Eado HEV taqdim etildi. Bu haqda CNC xabar bermoqda.
Yangi Eado HEV modeli aksiya narxida 79,9 ming yuan, ya’ni taxminan $11,7 mingdan sotuvga chiqdi. CS75 Plus HEV esa 109,9 ming yuan yoki $16,1 mingdan boshlanadi.
Ikkala avtomobil ham ichki yonuv dvigateli va elektr motor kombinatsiyasida ishlaydi. Eado HEV’da 1,5 litrli atmosfera motor qo‘llangan bo‘lib, u 72 kVt quvvat beradi. Elektr motor esa 160 kVt ishlab chiqaradi. CS75 Plus HEV’da esa 1,5 litrli turbo dvigatel mavjud va uning quvvati 110 kVtni tashkil qiladi. Elektr motor quvvati esa 180 kVtga yetadi.

Har ikki model 1,7 kVt/soat sig‘imli litiy-ion batareya bilan jihozlangan. Farq asosan dvigatel va elektr tizimi sozlamalarida namoyon bo‘ladi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, Eado HEV shahar sharoitida 100 km uchun atigi 2,98 litr yoqilg‘i sarflaydi. CS75 Plus HEV esa yuqori unumdor gibrid tizim va 20 ming aylanish tezligiga ega elektromotor bilan jihozlangan.
Salon qismida zamonaviy multimedia tizimlari qo‘llangan. CS75 Plus HEV uch ekranli panelga ega: 10,25 dyuymli panel, 14,6 dyuymli markaziy ekran va old yo‘lovchi uchun 12,3 dyuymli displey mavjud. Eado HEV’da esa ikki ekranli konfiguratsiya ishlatilgan.
Avtomobillar TianShu OS tizimi va DeepSeek asosidagi ovozli boshqaruv funksiyalarini qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, avtomatik parkovka va trassada yordamchi tizimlar ham mavjud.

Mart oyida kompaniya yangi BlueCore gibrid motorini taqdim etgan edi. Changan unga 44,28 foizlik issiqlik samaradorligini va sanoatda ilk bor 500 barlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri yonilg‘i purkash tizimini qo‘llaganini bildirgan. Shu bilan birga, kompaniya savdolari pasaygan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Changan’ning Xitoydagi aprel savdolari 30,6 ming dona bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan 51 foizga kam. Bozor ulushi ham 2,9 foizdan 2,2 foizga tushgan.
Qaynoq24.uz Chevrolet Cobalt narxidagi Geely Galaxy Starshine 7 avtomobili sotuvga chiqqani haqida yozgan edi.

