BYD tarkibidagi Fang Cheng Bao brendining yangi BYD Formula S elektromobili bir marta quvvatlanganda 900 kilometrgacha yo‘l bosishi mumkin. Modelning yurish masofasi va batareyasi haqidagi ma’lumotlar Xitoy Sanoat va axborot texnologiyalari vazirligi e’lon qilgan yangi energetik transport vositalari reyestrida paydo bo‘ldi.
Formula S sport uslubidagi to‘rt eshikli liftbek, Formula S GT esa tom qismi uzaytirilgan universal — shooting brake kuzovidagi amaliyroq versiya sifatida ishlab chiqilgan. Yangi avtomobillar Fang Cheng Bao‘ning yo‘ltanlamaslardan tashqari, yirik va yuqori unumdor elektromobillar segmentiga kirishini anglatadi. Kompaniya ikkala modelni 2026-yilning uchinchi choragida Xitoy bozoriga chiqarishi kutilmoqda, biroq narxlar hozircha oshkor qilinmagan.

Formula S ikki xil sig‘imdagi litiy-temir-fosfat batareya bilan taklif qilinadi. Boshlang‘ich versiyalarga BYD’ning FinDreams sho‘ba korxonasi ishlab chiqargan 76,744 kVt·soatli batareya o‘rnatiladi. Xitoydagi rasmiy ro‘yxatga asoslangan ma’lumotlarda ushbu modifikatsiyalarning CLTC siklidagi yurish masofasi jihozlanishiga qarab 730, 750 yoki 770 kilometrni tashkil etishi ko‘rsatilgan. Batareyaning og‘irligi 539 kilogrammga teng.
Uzoq masofaga mo‘ljallangan Formula S 92,093 kVt/soatli batareyaga ega bo‘ladi. Og‘irligi 633 kilogramm bo‘lgan ushbu blok avtomobilga bir quvvatda 830 yoki 900 kilometr yurish imkonini beradi. Har ikki batareya BYD’ning tezkor quvvatlash texnologiyasini qo‘llab-quvvatlashi aytilmoqda, ammo Formula S uchun quvvatlash tezligi va batareyani to‘ldirish vaqti hali rasman ochiqlanmagan.
Texnik imkoniyatlar

Bazaviy orqa uzatmali Formula S 245 kVt, ya’ni 329 ot kuchiga ega bitta elektromotor bilan jihozlanadi. Kuchliroq orqa uzatmali versiyada motor quvvati 300 kVt yoki 402 ot kuchiga yetadi. Shuningdek, old va orqa o‘qlarda joylashgan ikkita motorli to‘liq uzatmali modifikatsiya ham ishlab chiqariladi. Uning umumiy quvvati 490 kVt yoki 657 ot kuchini tashkil etadi. Avtomobilning maksimal tezligi soatiga 240 kilometrgacha yetishi kutilmoqda.
Formula S GT standart tarzda 92,093 kVt·soatli batareya bilan ta’minlanadi. 300 kVtli bitta motorga ega orqa uzatmali GT versiyasi CLTC siklida 800–850 kilometr yo‘l bosadi. Umumiy quvvati 490 kVt bo‘lgan to‘liq uzatmali modifikatsiyaning yurish masofasi esa 730 kilometrni tashkil qiladi.
Formula S’ning uzunligi 5 060 millimetr, kengligi 1 967 millimetr, balandligi 1 483 millimetrga teng. G‘ildirak bazasi 2 960 millimetrni tashkil etadi. Model 19 yoki 20 dyuymli g‘ildiraklar bilan taklif qilinadi, uning jihozlangan vazni modifikatsiyaga qarab 1 999 kilogrammdan 2 250 kilogrammgacha o‘zgaradi.
Qaynoq24.uz BYD Denza Z avtomobili sotuvga chiqqani haqida yozgan edi.


