AQShning Eron bilan olib borayotgan urushi uchun xarajatlar hozirgacha $37,5 mlrdga yetdi. Bu haqda AQSh mudofaa vaziri Pit Hegset 21-iyul kuni Senatning mablag‘ ajratish bo‘yicha qo‘mitasida o‘tkazilgan tinglovda ma’lum qildi.
Hegset taqdim etgan summa nafaqat hozirgacha sarflangan mablag‘larni, balki 30-sentabrda yakunlanadigan moliyaviy yil oxirigacha kutilayotgan ayrim xarajatlarni ham o‘z ichiga oladi. Ayrim senatorlar Pentagondan hisob-kitob qanday shakllantirilgani va mablag‘larning aynan qaysi yo‘nalishlarga sarflanayotgani bo‘yicha batafsilroq ma’lumot talab qildi.
Mudofaa vaziri Kongressni qo‘shimcha moliyalashtirishni tezroq tasdiqlashga chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mablag‘ ajratilmasa, harbiy mashg‘ulotlar qisqartirilishi, texnik xizmat ko‘rsatish va qurol-yarog‘ zaxiralarini tiklash ishlari esa kechikishi mumkin. Hegset qo‘shimcha mablag‘lar jangovar harakatlar xarajatlarini qoplash, shikastlangan samolyotlar, kemalar va harbiy bazalarni ta’mirlash hamda o‘q-dori zaxiralarini to‘ldirish uchun zarurligini ta’kidladi.
Donald Tramp ma’muriyati Kongressdan jami $87,6 mlrdlik qo‘shimcha moliyalashtirish paketini tasdiqlashni so‘ramoqda. Shundan $67,1 mlrdini Mudofaa vazirligiga yo‘naltirish ko‘zda tutilgan. Mazkur so‘rov Tramp ma’muriyatining 2027-moliyaviy yil uchun taklif qilgan $1,5 trlnlik mudofaa budjetidan tashqari mablag‘ hisoblanadi.
Vakillar palatasidagi respublikachilar esa Eron bilan urush, razvedka faoliyati, qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash va saylov tizimiga oid xarajatlarni qamrab olgan alohida $95 mlrdlik reja ilgari surdi.
Unda harbiy operatsiyalar uchun $60 mlrd, razvedka xizmatlariga $13 mlrd, fermerlarga yordam uchun $12 mlrd hamda saylov ma’muriyati uchun $10 mlrd ajratish nazarda tutilgan. Hujjat hozircha Kongressning har ikki palatasi tomonidan yakuniy ma’qullanmagan.
CENTCOM Eronni so‘nggi uch oy ichida Hormuz bo‘g‘ozidagi 30 dan ortiq tijorat kemasiga hujum qilishda aybladi. Qo‘mondonlikning ma’lum qilishicha, davom etayotgan harbiy harakatlarga qaramay, Hormuz bo‘g‘ozi tijorat kemalari uchun ochiq qolmoqda. May oyi boshidan buyon ushbu hududdan qariyb 450 mln barrel neft olib o‘tgan 900 ga yaqin tijorat kemasining harakatlanishiga ko‘maklashilgan.
Qaynoq24.uz AQSh prezidenti Kanada tovarlariga 50 foizlik boj joriy etgani haqida yozgan edi.


