AQSh prezidenti Donald Tramp Fors ko‘rfazi davlatlari iltimosi bilan Eronga hujumni kechiktirganini ma’lum qildi. Bu haqda BBC xabar bermoqda.
Tramp Truth Social tarmog‘idagi postida Qatar, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari rahbarlari undan hujumni to‘xtatib turishni so‘raganini yozdi. Prezidentning ta’kidlashicha, hozir “jiddiy muzokaralar” olib borilmoqda. AQSh rahbari unga Vashington uchun “juda maqbul” kelishuv tayyorlanishi haqida aytilganini bildirdi. Shu bilan birga, Tramp Eron yadro quroliga ega bo‘lmasligi kerakligini yana bir bor ta’kidladi.
Ammo u Tehron bilan maqbul kelishuvga erishilmasa, AQSh “istalgan lahzada” Eronga keng ko‘lamli hujum boshlashga tayyorligini ogohlantirdi.
Eronning yuqori martabali harbiy qo‘mondonlaridan biri esa AQShni yana “strategik xato va noto‘g‘ri hisob-kitoblar” qilmaslikka chaqirdi.
Trampning bayonoti AQShda Eron bilan urushga qarshi kayfiyat kuchayayotgan bir paytda yangradi. New York Times va Siena so‘roviga ko‘ra, saylovchilarning 64 foizi Eron bilan urushni noto‘g‘ri qaror deb hisoblaydi. So‘rovda Trampning prezident sifatidagi faoliyatini ma’qullovchilar ulushi 37 foizni tashkil qilgani aytilgan. Bu respublikachilar uchun oraliq saylovlar oldidan siyosiy bosim kuchayayotganini ko‘rsatadi.
AQSh va Isroil kuchlari 28-fevralda Eronga qarshi yirik havo zarbalarini boshlagan edi. Tehron bunga javoban Isroil hamda Fors ko‘rfazidagi AQSh nishonlariga dron va raketalar uchirdi.
Fors ko‘rfazi davlatlari Eronning ehtimoliy javobidan xavotirda. Tehron qo‘shni davlatlardagi aeroportlar, neft-kimyo obyektlari va suv ta’minoti infratuzilmasiga zarba bera oladigan dron va raketalarga ega ekani aytilmoqda. Tramp keyinroq jurnalistlar bilan suhbatda vaziyatni “juda ijobiy o‘zgarish” deb atadi. U Eron bilan kelishuvga erishish imkoniyati yuqori ekanini aytgan edi.
Qaynoq24.uz Eron oliy rahbari yadroviy va raketa texnologiyalarini milliy boylik deb atagani haqida yozgan edi.

