Rossiyaning Ukrainaga zarbalari davom etdi: 6 kishi halok bo‘ldi, 31 kishi yaralandi. Bu haqda DW xabar bermoqda.
Rossiya 2-iyul kuni kunduzi va kechqurun Ukrainaning bir qator hududlariga zarbalar berdi. Bu hujumlar Kiyevga uyushtirilgan tungi keng ko‘lamli hujum ortidan sodir bo‘ldi. Ukraina rasmiylariga ko‘ra, Kiyevga qilingan o‘sha hujum qurbonlar soni bo‘yicha urush boshlanganidan beri eng yirik hujumlardan biri bo‘lgan.
Mahalliy hokimiyatlar ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya zarbalari Xerson, Zaporijjya, Dnipropetrovsk, Nikolayev, Xarkiv, Sumi, Kramatorsk hamda boshqa hududlarga qaratilgan. Hujumlar oqibatida kamida 6 kishi halok bo‘ldi, 31 kishi yaralandi.
Xersonda shifokor va tinch aholi vakili halok bo‘ldi
Xerson markazida fuqarolik avtomobiliga berilgan zarba oqibatida 41 yoshli erkak halok bo‘ldi. Bu haqda Xerson viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Aleksandr Prokudin ma’lum qildi.
Shuningdek, tibbiyot muassasasiga qilingan hujumda 63 yoshli shifokor halok bo‘lgan, hamshira esa yaralangan. Kechqurun yana bir mahalliy fuqaro o‘t o‘rish vaqtida portlovchi qurilmaga duch kelib, hayotdan ko‘z yumgan.
Prokudin kun davomida va kechqurun dronlar hujumi davom etgani haqida xabar bergan. Hujumlardan kamida bittasi Xerson neftni qayta ishlash zavodi hududi yaqiniga to‘g‘ri kelgan.
Zaporijjyada bolalar ham jarohat oldi
Zaporijjyada zarbalar turar joy binosi, do‘konlardan birining omborxonasi, “Nova poshta” saralash markazi va sport markaziga kelib tushgan.
Zaporijjya viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Ivan Fedorov ma’lumotiga ko‘ra, hujumlar oqibatida yetti kishi yaralangan. Jarohatlanganlar orasida 6, 7, 12 va 16 yoshli bolalar ham bor.
Mahalliy hokimiyat kechki soatlargacha yangi hujumlar xavfi saqlanib qolganini bildirgan.
Dnipropetrovsk viloyatida yetti yoshli qiz halok bo‘ldi
Dnipropetrovsk viloyatiga qilingan hujumlar oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi. Qurbonlardan biri yetti yoshli qiz bo‘lgan.
Viloyat harbiy ma’muriyati rahbari Aleksandr Ganja ma’lumotiga ko‘ra, yana to‘qqiz kishi yaralangan. Jarohatlanganlar orasida 11 yoshli qiz va 14 yoshli o‘g‘il bola ham bor.
Hududga dronlar, artilleriya, aviabombalar va raketa yordamida qariyb 40 ta zarba berilgan. Natijada ko‘p qavatli va xususiy uylar, gimnaziya hamda avtomobillar shikastlangan.
Nikolayev viloyatida AYOQSH hududiga hujum bo‘ldi
Nikolayev viloyatida Shahed dronlari yordamida qilingan hujumlardan biri avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasi hududiga to‘g‘ri kelgan.
Viloyat harbiy ma’muriyati rahbari Vitaliy Kimning ma’lum qilishicha, hujum oqibatida bir kishi halok bo‘lgan, yetti kishi jarohatlangan. Shuningdek, AYOQSH binosi vayron bo‘lgan, xususiy uylar va avtomobillar shikastlangan.
Xarkiv, Sumi va Kramatorsk ham hujumga uchradi
Xarkiv shahrida zarbalardan biri ko‘p qavatli uyga kelib tushgan. Shahar meri Igor Terexovning ma’lum qilishicha, jami uch kishi jarohatlangan. Bundan tashqari, yoqilg‘i quyish shoxobchasi binosi va bir nechta avtomobilga zarar yetgan.
Sumi shahri uchta boshqariladigan aviabomba bilan nishonga olingan. Mahalliy harbiy ma’muriyat rahbari Oleg Grigorovga ko‘ra, 11 kishi, jumladan uch bola tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan.
Zarba oqibatida turar joy sektorida joylashgan maktab katta zarar ko‘rgan. Hujum vaqtida maktabda bolalar bo‘lmagan, biroq ikki xodim jarohat olgan. Yana ikki kishi — haydovchi va pochtachi — pochta avtomobiliga qilingan dron hujumida yaralangan.
Donetsk viloyatidagi Kramatorsk shahrida esa dron avtomobilga zarba bergan. Ukraina Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati ma’lumotiga ko‘ra, bir kishi jarohatlangan.
Qaynoq24.uz Rossiya Hindistondan 60 ming tonna benzin sotib olgani haqida yozgan edi.


