AQSh prezidenti Donald Tramp Kanadadan import qilinadigan keng turdagi mahsulotlarga 50 foizlik boj joriy etish haqidagi hujjatlarni imzoladi. Yangi tariflar 30 kundan keyin kuchga kiradi va ikki qo‘shni davlat o‘rtasidagi savdo ziddiyatlarining keskin kuchayishiga olib kelishi mumkin, deb yozmoqda BBC.
Oq uy qarorni Kanada tomonidan Amerika avtomobillari, sut mahsulotlari va alkogolli ichimliklarga nisbatan qo‘llanayotgan «teng bo‘lmagan munosabat»ga javob sifatida izohladi. Yangi bojlar sharob, xokkey tayoqlari va sement kabi kundalik hamda sanoat mahsulotlariga tatbiq etiladi. Energiya resurslari, kaliyli o‘g‘itlar, muhim minerallar va baliq mahsulotlari esa tariflardan ozod qilinadi.
Bojlar mahsulotlarning AQSH, Kanada va Meksika o‘rtasidagi USMCA erkin savdo bitimiga kiritilgan yoki kiritilmaganidan qat’i nazar qo‘llanadi. Kanada bosh vaziri Mark Karni Ottava yaqin haftalarda Vashington bilan savdo muzokaralarini jadallashtirishga tayyorligini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, AQSHning so‘nggi qarori USMCA talablariga zid bo‘lgan bir tomonlama savdo choralarining davomi hisoblanadi.
AQSH ilgari Kanada po‘lati, alyuminiysi va misiga 15 foizdan 50 foizgacha, yumshoq yog‘och materiallariga 35 foiz hamda avtomobillardagi AQSHda ishlab chiqarilmagan ehtiyot qismlarga 25 foizlik boj joriy etgan edi. Kanada bunga javoban Amerikaning ayrim po‘lat, alyuminiy va avtomobil mahsulotlariga 25 foizlik qarshi tariflar kiritgan.
Sut mahsulotlari bo‘yicha esa Vashington Kanadaning import hajmini cheklaydigan va belgilangan kvotadan oshgan mahsulotlarga 300 foizdan yuqori boj solishga imkon beradigan tizimini tanqid qilmoqda.
Kanada hududlarining rahbarlari AQSH metall va avtomobil sanoatiga qo‘yilgan tariflarni bekor qilsa, Amerika ichimliklariga qo‘yilgan cheklovlarni olib tashlashga tayyorligini bildirgan.
Yangi bojlar 1930-yilda qabul qilingan Tariflar to‘g‘risidagi qonunning savdo diskriminatsiyasiga qarshi choralarni nazarda tutuvchi 338-bo‘limi asosida joriy etilmoqda. Avvalroq AQSH Oliy sudi Trampning favqulodda iqtisodiy vakolatlar to‘g‘risidagi qonun orqali keng ko‘lamli xalqaro tariflar joriy etishini noqonuniy deb topgan edi. Shundan so‘ng Oq uy import bojlarini boshqa huquqiy mexanizmlar orqali qo‘llashini bildirgan.
Qaynoq24.uz Kanadada yuz berayotgan yong‘inlar AQSH shaharlarini tutunga burkagani haqida yozgan edi.


