O‘zbekistonda qurilish kompaniyalarining soliq qarzdorligi 2,5 trln so‘mga yetdi. 2026-yil 1-iyun holatiga ko‘ra, soliq qarzi 100 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan qurilish korxonalari soni 1 964 tani tashkil qilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu qarzdorlikning sezilarli qismi eng yirik qarzdor korxonalar hissasiga to‘g‘ri keladi. Xususan, soliq qarzi eng yuqori bo‘lgan 10 ta qurilish korxonasi hisobiga 618,6 mlrd so‘m qarzdorlik to‘g‘ri kelmoqda. Bu umumiy qarzning 24,1 foizini tashkil etadi.
Hududlar kesimida eng katta soliq qarzdorligi Toshkent shahrida qayd etilgan. Poytaxtdagi qurilish korxonalarining qarzi 817,4 mlrd so‘mni tashkil qilgan.
Keyingi o‘rinda Andijon viloyati turibdi. Ushbu hududdagi qurilish korxonalarining qarzdorligi 329,1 mlrd so‘mga yetgan. Toshkent viloyati esa 304,5 mlrd so‘mlik qarzdorlik bilan uchinchi o‘rinda qayd etilgan.
Ko‘rsatkichlar qurilish sohasida soliq intizomi masalasi dolzarbligicha qolayotganini ko‘rsatadi. Ayniqsa, qarzdorlikning qariyb chorak qismi atigi 10 ta yirik korxona hissasiga to‘g‘ri kelayotgani sohada yirik soliq to‘lovchilar bilan ishlash va qarzdorlikni kamaytirish bo‘yicha choralarni kuchaytirish zarurligini ko‘rsatadi.
Qaynoq24.uz soliq organlarida 542 mingga yaqin ijara shartnomasi hisobga qo‘yilgani haqida yozgan edi.


