Andijon viloyatida davlat zaxirasidagi yer maydonini sotish bilan bog‘liq firibgarlik holati fosh etildi. Bu haqda Departament xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, fuqaro Z.Yu. fuqaro N.T.ning ishonchiga kirib, o‘zini go‘yoki Andijon viloyati Statistika boshqarmasida ishlashini aytgan. U Andijon tumani, «Yo‘ldosh Oxunboboyev» massivi hududida joylashgan davlat zaxirasidagi 40 sotix yer maydonini auksion orqali farzandi M.Yu. yutib olganini da’vo qilgan.
Shundan so‘ng Z.Yu. ushbu yer maydoni hujjatlarini kelgusida N.T. nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilgan. Buning evaziga u 160 ming AQSH dollari talab qilgan. Tezkor tadbir davomida fuqaro Z.Yu. kelishilgan pulning 80 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qaynoq24.uz Ichki ishlar bo‘linma boshlig‘i 2,5 ming dollar olayotganda ushlangani haqida yozgan edi.


