Vivo X Fold 6 taqdimot sanasi e’lon qilindi

Foto: Vivo
Jonibek Juraqulov
3 Daqiqa o‘qish

Vivo kompaniyasi yangi buklamafon — Vivo X Fold 6 taqdimot sanasini rasman e’lon qildi. Qurilma 26-iyun kuni Xitoyda namoyish etiladi.

Taqdimot mahalliy vaqt bilan soat 19:00 da boshlanishi kutilmoqda. Kompaniya Weibo ijtimoiy tarmog‘i orqali smartfon uchun oldindan buyurtmalar qabul qilish boshlanganini ham ma’lum qildi. Vivo X Fold 6’ni Vivo‘ning rasmiy onlayn do‘koni, shuningdek, Tmall va JD.com kabi yirik platformalar orqali band qilish mumkin.

Yangi model Vivo‘ning X Fold seriyasida muhim burilishlardan biri bo‘lishi kutilmoqda. Avvalgi avlodlarda Qualcomm chiplaridan foydalanilgan bo‘lsa, X Fold 6’da kompaniya MediaTek protsessoriga o‘tmoqda. Smartfon Dimensity 9500 Super Edition chipi bilan jihozlanadi.

Vivo mahsulot menejeri Han Boxiao‘ning ma’lum qilishicha, ushbu maxsus versiya standart Dimensity 9500 bilan solishtirganda sun’iy intellekt bilan bog‘liq vazifalarda sezilarli o‘sishni ta’minlaydi. Jumladan, NPU’ning eng yuqori unumdorligi 111 foizgacha oshgani, AI bilan ishlashda energiya sarfi esa 56 foizgacha kamaygani aytilmoqda.

Qurilmaning eng e’tiborli jihatlaridan biri kamera tizimi bo‘ladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Vivo X Fold 6 buklamafonlar orasida kam uchraydigan 200 megapikselli asosiy kamera bilan jihozlanadi. Unda Samsung HPB sensori qo‘llanadi. Sensor o‘lchami 1/1,4 dyuymni tashkil etadi, obyektiv diafragmasi esa f/1.68 bo‘ladi.

Bundan tashqari, smartfon 50 megapikselli Sony LYT-602 sensori asosidagi Zeiss APO periskop telefoto kamerasi bilan ham ta’minlanadi. Har ikki kamera CIPA 4.5 darajasidagi stabilizatsiyani qo‘llab-quvvatlashi aytilmoqda.

Vivo X Fold 6 Zeiss 200 mm Teleconverter G2 hamda X200 Ultra seriyasidagi 2.35 karra telekonverter aksessuarlari bilan ham ishlashi mumkin. Bu esa qurilmaning mobil fotografiyaga jiddiy urg‘u bilan tayyorlanayotganini ko‘rsatadi.

Texnik imkoniyatlar

Foto: Vivo

Smartfonning ichki bukiluvchi ekrani 8,02 dyuymli Samsung M14 paneli bo‘lishi kutilmoqda. Uning eng yuqori yorqinligi 5000 nitgacha yetishi mumkin. Tashqi ekran esa mish-mishlarga ko‘ra, 6,51 dyuymli bo‘ladi.

Bundan tashqari, qurilma taxminan 6900 mA/soat sig‘imli akkumulyator bilan jihozlanishi mumkin. Agar bu ma’lumot tasdiqlansa, X Fold 6 ko‘plab raqobatchi buklamafonlardan ancha katta batareyaga ega bo‘ladi.

Smartfon OriginOS 6 Fold operatsion tizimi asosida ishlaydi. Ushbu interfeys Vivo tomonidan buklamafonlar uchun moslashtirilgan bo‘lib, ko‘p oynali rejim va katta ekranda ishlash imkoniyatlariga urg‘u beradi.

Hozircha Vivo X Fold 6’ning narxi, barcha texnik xususiyatlari va xalqaro bozorga chiqish muddati rasman e’lon qilinmagan. Kompaniya odatda X Fold seriyasidagi qurilmalarni avval Xitoyda taqdim etadi, global sotuvlar esa keyinroq boshlanishi mumkin.

Qaynoq24.uz Vivo T5 Lite 5G katta akkumulyator va 120 Hz ekran bilan chiqishi mumkinligi haqida yozgan edi.

TAGGED:
Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
2006-yilda Samarqand viloyati Urgut tumanida tug‘ilgan. Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti talabasi. Kompyuter texnologiyalari, sport, iqtisodiy mavzularda yozishni yoqtiradi. Muvaffaqiyatli shaxslar va huquqiy mavzularda maqolalari chop etilgan. Jonibek Juraqulov Qaynoq24.uz nashrining ma’sul jurnalisti ham hisoblanadi. Aloqa uchun: j.juraqulov@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.