Huawei va BAIC konsernlari tomonidan tashkil etilgan Xitoyning HIMA alyansi Stelato brendi uchun yangi yirik yo‘ltanlamas ustida ishlamoqda. G9 indeksiga ega model tashqi ko‘rinishi bilan Land Rover Defender’ni eslatadi va bozorda elektr hamda ketma-ket gibrid versiyalarda taklif qilinishi kutilmoqda.
Autohome ma’lumotlariga ko‘ra, Stelato G9 uzunligi 5,2 metrni tashkil etadigan yirik yo‘ltanlamas bo‘ladi. Bu ko‘rsatkich orqa qismdagi zaxira g‘ildiraksiz hisoblangan. Avtomobilning g‘ildirak bazasi esa 3,16 metrga teng bo‘ladi. Model uch qatorli salon bilan jihozlanishi kutilmoqda.

Sertifikatlash ma’lumotlariga ko‘ra, elektromobil versiyasi old o‘qda 218 ot kuchiga ega, orqa o‘qda esa 377 ot kuchilik elektromotor bilan harakatlanadi. Ular 120 kVt/soat sig‘imli akkumulyator orqali quvvat oladi. Bunday versiya bir quvvatlanishda 700 kilometrgacha masofa bosib o‘tishi mumkin.

Gibrid modifikatsiya ham xuddi shunday elektromotorlarga ega bo‘ladi. Biroq unda 75 kVt·soat sig‘imli batareya hamda kapot ostida generator vazifasini bajaruvchi 1,5 litrli ichki yonuv dvigateli o‘rnatiladi. Ushbu versiyaning umumiy yurish zaxirasi 1300 kilometrgacha yetishi, faqat elektr rejimida esa 400 kilometrgacha harakatlanishi aytilmoqda.
Stelato G9 Xitoy avtosalonlariga 2026-yilning uchinchi choragida yetib borishi kutilmoqda.
Qaynoq24.uz Hyundai Ioniq V elektromobili super kuchini namoyish etgani haqida yozgan edi.


