Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Tehron va Vashington o‘rtasida Shveysariyada o‘tkazilgan muzokaralar yakunida Eron nefti eksportiga qo‘yilgan cheklovlar olib tashlanganini ma’lum qildi. Bu haqda u X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozdi.
Aroqchining so‘zlariga ko‘ra, muzokaralar natijasida nafaqat neft eksporti bo‘yicha cheklovlar bekor qilingan, balki Eronning bir qator aktivlari ham muzlatilgan holatdan chiqarilgan. Shuningdek, mamlakatni tiklash bo‘yicha reja ishga tushirilgani aytilmoqda.
Eron tashqi ishlar vaziri kelishuvlarga Qatar va Pokiston vositachilarining sa’y-harakatlari orqali erishilganini ta’kidladi. Uning fikricha, aynan vositachilar Tehron va Vashington o‘rtasidagi murakkab muzokaralarda muhim rol o‘ynagan.
Avvalroq Eron TIV rasmiy vakili Ismoil Baqoiy AQSh bilan tuzilgan anglashuv memorandumi xavf ostida qolishi mumkinligini bildirgan edi. U memorandumning birinchi bandi, ya’ni Livanni ham qamrab olgan holda barcha frontlarda urushni to‘xtatish talabi o‘zaro majburiyatlarning asosiy elementi ekanini eslatgan.
Shveysariyadagi muzokaralar AQSh va Eron o‘rtasidagi yadro kelishuvi hamda mintaqaviy xavfsizlik bo‘yicha diplomatik jarayonlar fonida o‘tkazilmoqda. Tehron bayonotiga ko‘ra, neft eksporti, aktivlar va tiklanish rejasi bo‘yicha erishilgan natijalar muzokaralarning muhim qismi bo‘lgan.
Qaynoq24.uz AQSh va Eron tinchlik, sanksiyalar va uran bo‘yicha kelishuvga erishgani haqida yozgan edi.


