Venesuelada 24-iyun kuni kechqurun ketma-ket ikkita kuchli zilzila sodir bo‘ldi. AQSh Geologiya xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, birinchi zilzila magnitudasi 7,2, ikkinchisiniki esa 7,5 ni tashkil etgan.
Zilzilalar mahalliy vaqt bilan 18:04 atrofida qayd etilgan. Ikki yer silkinishi bir-biridan 39 soniya farq bilan sodir bo‘lgan. Birinchi zilzila epitsentri Yaracuy shtatidagi San-Felipe hududida joylashgan. Ikkinchi zilzila epitsentri esa Yumare shahridan taxminan 23 kilometr janubi-sharqda bo‘lgan.
Yer silkinishlari mamlakat poytaxti Karakasda kuchli sezilgan. Shaharning ayrim hududlarida binolar qulagani, qator inshootlarning konstruksiyasi shikastlangani xabar qilinmoqda. Zilzila ta’siri Venesuelaning turli hududlarida, shuningdek, Kolumbiya poytaxti Bogotagacha sezilgan.
Chakao hududida kamida ikki bino butunlay qulagan
Karakas metropoliten hududiga kiruvchi Chakao munitsipaliteti meri Gustavo Duke Saesning ma’lum qilishicha, hududda kamida ikki bino butunlay qulagan. Qutqaruvchilar vayronalar ostidan tirik qolganlarni olib chiqish ishlarini davom ettirmoqda.
Merning so‘zlariga ko‘ra, 18 kishi tirik holda qutqarilgan. Hududda 500 dan ortiq favqulodda xizmat xodimi ishlamoqda. Shuningdek, Plaza Altamira va Plaza Los-Palos-Grandes maydonlarida favqulodda markazlar tashkil etilgan. Bu yerda bedarak yo‘qolganlar bo‘yicha ma’lumotlar yig‘ilmoqda, jabrlanganlarga suv va boshpana berilmoqda.
Chakao ma’muriyati nafaqat qulagan binolar, balki konstruksiyasi xavfli holatga kelgan boshqa inshootlar ham borligini bildirdi.
Qaynoq24.uz Indoneziyada 7,4 magnitudali zilzila yuz bergani haqida yozgan edi.


