Kongo Demokratik Respublikasida Ebola isitmasi bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat yomonlashishda davom etmoqda. Mamlakat hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, kasallikdan vafot etganlar soni 300 nafardan oshdi.
So‘nggi bir sutka ichida mamlakatda Ebola bilan kasallanishning 37 ta yangi holati qayd etilgan. Yana besh kishi vafot etgan. Shu tariqa tasdiqlangan holatlar soni 1 155 taga yetdi, ulardan 304 tasi o‘lim bilan yakunlangan.
Kongo Sog‘liqni saqlash vazirligi hisobotida epidemiologik va biologik nazorat kuchaytirilgani qayd etilgan. Bu kasallik holatlarini erta bosqichlarda aniqlash imkonini bermoqda.
Shu bilan birga, Afrikada kasallik tarqalishiga qarshi kurashish uchun zarur mablag‘ hajmi keskin oshgan. Afrika Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi hisob-kitoblariga ko‘ra, qit’ada Ebola epidemiyasiga qarshi choralar uchun $1,4 mlrd talab etiladi.
Bu avvalgi baholashdan deyarli uch baravar ko‘p. Iyun oyida zarur mablag‘ miqdori $518 mln deb ko‘rsatilgan edi. Yangi hisob-kitobga insonparvarlik yordami bo‘yicha xarajatlar ham kiritilgan.
Afrika Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi bosh direktori Jan Kaseyaning aytishicha, hozircha $910 mln miqdorida moliyalashtirish va’da qilingan. Biroq amalda ushbu summaning atigi 13 foizi ajratilgan.
Mutaxassislar mablag‘ yetishmasligi kasallikni nazorat qilish, bemorlarni erta aniqlash va zarur tibbiy yordam ko‘rsatish jarayonlariga salbiy ta’sir qilishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Qaynoq24.uz JSST Ebola tarqalishida xavfli kontaktlarning faqat 45 foizini kuzatayotgani haqida yozgan edi.


