AQSh prezidenti Donald Trampning o‘g‘illari Vashingtonning Qozog‘istondagi volfram konlarini o‘zlashtirish bo‘yicha bitimi ortidan foyda ko‘rishi mumkin. Deutsche Welle’ning The New York Times surishtiruviga tayanib yozishicha, AQSh va Qozog‘iston o‘rtasida konchilik sohasidagi yirik kelishuv tayyorlanayotgan bir vaqtda Trampning o‘g‘illari loyiha operatoriga aloqador kompaniyaga sarmoya kiritgan.
Gap Qozog‘istondagi eng yirik volfram konlaridan ikkitasini o‘zlashtirish bo‘yicha kelishuv haqida ketmoqda. Ushbu bitim 2025-yil noyabrida e’lon qilingan. Loyihada ulushlarning 70 foizi o‘sha paytda Cove Kaz Capital deb atalgan Amerika investitsiya kompaniyasiga, 30 foizi esa Qozog‘istonning “Tau-Ken Samruk” kompaniyasiga tegishli bo‘lgan.
NYT ma’lumotlariga ko‘ra, bitim e’lon qilinishidan bir necha oy oldin Donald Trampning o‘g‘illari Donald Tramp kichik va Erik Tramp hammualliflari bo‘lgan Dominari Securities kompaniyasi o‘sha vaqtda zarar bilan ishlayotgan Skyline Builders yo‘l qurilishi firmasini sotib olgan. Shundan keyin Skyline Builders Cove Kaz Capital kompaniyasining 20 foizlik ulushini qo‘lga kiritgan.
Keyingi korporativ o‘zgarishlardan so‘ng kompaniya Kaz Resourses nomini olgan va 2026-yil aprelida amalda birjaga chiqqan. O‘sha paytda u Qozog‘istondagi volfram konlari loyihasi operatori sifatida AQSh federal byudjetidan 1,6 mlrd dollar olishi ma’lum bo‘lgan. Ushbu qaror Tramp ma’muriyati tomonidan ma’qullangani aytilmoqda.
Nashr qayd etishicha, kompaniya aksiyalarining birjada joylashtirilishi Kaz Resourses investorlariga, jumladan Trampning o‘g‘illariga, Qozog‘istonda volfram qazib olish ishlari boshlanmasidan turib ham ko‘p million dollarlik foyda olish imkonini berishi mumkin.
Surishtiruvda AQSh savdo vaziri Govard Lyutnikning farzandlari ham tilga olingan. NYT ma’lumotlariga ko‘ra, ular hammuallif bo‘lgan Cantor Fitzgerald investitsiya kompaniyasi Qozog‘iston bilan bog‘liq bitimga sarmoya jalb qilishda ishtirok etgan. Shu sababli Lyutnikning farzandlari ham mazkur jarayonlardan foyda olgani aytilmoqda.
Oq uy va AQSh Savdo vazirligi esa Tramp ma’muriyati davlat qarorlari bilan oilaviy biznes manfaatlarini noqonuniy tarzda aralashtirayotgani haqidagi da’volarni rad etgan.
Qaynoq24.uz Obama Trampni o‘ziga haddan tashqari berilib ketganlikda ayblagani haqida yozgan edi.


