Venesueladagi zilzilalarda qurbonlar 1450 nafarga yetdi

Foto: EFE
Mohinur Rajabova
2 Daqiqa o‘qish

Venesuelada shu hafta sodir bo‘lgan kuchli zilzilalar oqibatida halok bo‘lganlar soni 1450 nafarga yetdi. Bu haqda Tengrinews xabar berdi.

Mamlakatda qutqaruv guruhlari vayronalar ostida qolgan odamlarni topish uchun ishlarni davom ettirmoqda. Eng katta talafot La-Guayra shtatida kuzatilgan. Karakasdan qariyb 40 kilometr shimolda joylashgan ushbu qirg‘oqbo‘yi hududida o‘nlab binolar qulab, vayronaga aylangan. Hududga xorijiy qutqaruv guruhlari ham yetib kelgan.

Venesuela prezidenti vazifasini bajaruvchi Delsi Rodrigesning ma’lum qilishicha, mamlakat tarixidagi eng og‘ir tabiiy ofatlardan biri oqibatida 1450 nafar ayol va erkak hayotdan ko‘z yumgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, 3150 ga yaqin odam jarohatlangan, 12 721 kishi uyini tark etishga majbur bo‘lgan, 774 ta bino esa qulagan.

Milliy assambleya raisi Xorxe Rodriges qutqaruvchilar tirik qolganlarni topish uchun vaqt bilan poyga qilayotganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, marhumlarning yaqinlari va ko‘ngillilar bir necha kun davomida xorijiy qutqaruvchilar yetib kelguniga qadar vayronalar ostidan tirik qolganlar va jasadlarni chiqarishga uringan.

Hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, shanba oqshomiga qadar kamida 33 kishi qutqarilgan. Ular orasida bir necha nafar bola ham bor. Shu bilan birga, o‘n minglab odamlar hanuz bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatida qolmoqda.

AQSh Geologik xizmati baholariga ko‘ra, magnitudasi 7,2 va 7,5 bo‘lgan zilzilalar oqibatida qurbonlar soni 10 ming nafardan oshishi ham mumkin. Bunday holatda ushbu zilzilalar Lotin Amerikasida so‘nggi yuz yillikdagi eng halokatli zilzilalar qatoriga kiradi.

AQSh rasmiysining ma’lum qilishicha, yaqin sutkalarda Venesuelaga yuz millionlab dollar miqdoridagi qo‘shimcha yordam paketi e’lon qilinishi kutilmoqda. Bu Tramp ma’muriyati tomonidan avval ajratilgan 150 mln dollarlik yordamga qo‘shimcha bo‘ladi.

Qaynoq24.uz Venesuelada ketma-ket kuchli zilzilalar yuz bergani haqida yozgan edi.

TAGGED:
Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.