Tramp kriptodan 1 mlrd dollardan ortiq daromad olgani aytilmoqda

Foto: Reuters
Jonibek Juraqulov
2 Daqiqa o‘qish

AQSh prezidenti Donald Tramp 2025-yil uchun topshirgan majburiy moliyaviy hisobotida kriptovalyuta bilan bog‘liq biznes kelishuvlaridan 1 mlrd dollardan ortiq daromad olganini ko‘rsatdi. Bu haqda BBC uning 927 sahifalik moliyaviy deklaratsiyasiga tayanib xabar berdi.

Hisobotga ko‘ra, Tramp o‘z nomi bilan chiqarilgan meme coin loyihasidan $635 mln miqdorida royalti olgan. Ushbu token u prezidentlik lavozimiga kirishishidan uch kun oldin ishga tushirilgan. Keyinchalik token qiymati sezilarli darajada pasaygani aytilmoqda.

Tramp, shuningdek, World Liberty Financial kriptokompaniyasidan $500 mlndan ortiq daromad olganini bildirgan. Ushbu kompaniya Trampning o‘g‘illari hamda uning maxsus vakili Stiv Uitkoffning farzandlari tomonidan tashkil etilgan. Tramp va uning oila a’zolari mazkur loyiha sof tushumining 75 foizini olishi qayd etilgan.

Moliyaviy hisobotda kriptovalyutadan tashqari ko‘chmas mulk, Tramp nomi bilan chiqarilgan Injillar, soatlar va boshqa mahsulotlardan tushgan daromadlar ham ko‘rsatilgan. Shunga qaramay, Oq uy prezident lavozimi orqali shaxsiy foyda ko‘rilgani haqidagi da’volarni rad etdi.

Hisobotda Trampning boshqa raqamli aktivlar saqlanadigan hamyonlar orqali amalga oshirilgan bir necha million dollarlik operatsiyalari ham keltirilgan. Bu operatsiyalar umumiy kripto daromadlaridan kichikroq bo‘lsa-da, uning raqamli aktivlar bozoridagi faol ishtirokini ko‘rsatadi.

Trampning 2025-yilgi moliyaviy hisobotidagi daromadlar avvalgi yilga nisbatan sezilarli oshgan. Bir yil avval u $600 mlndan ortiq daromad ko‘rsatgan edi. Yangi hisobot esa kriptovalyuta loyihalari Tramp oilasining biznes daromadlarida muhim o‘rin egallay boshlaganini ko‘rsatmoqda.

Qaynoq24.uz Trampning o‘g‘illari Qozog‘istondagi loyihadan foyda olishi mumkinligi haqida yozgan edi.

TAGGED:
Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
2006-yilda Samarqand viloyati Urgut tumanida tug‘ilgan. Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti talabasi. Kompyuter texnologiyalari, sport, iqtisodiy mavzularda yozishni yoqtiradi. Muvaffaqiyatli shaxslar va huquqiy mavzularda maqolalari chop etilgan. Jonibek Juraqulov Qaynoq24.uz nashrining ma’sul jurnalisti ham hisoblanadi. Aloqa uchun: j.juraqulov@qaynoq24.uz

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.