Rossiya kuchlari tunda Ukraina poytaxti Kiyevga yirik raketa va dron hujumi uyushtirdi. Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, zarbalar oqibatida kamida 13 kishi halok bo‘lgan, 30 dan ortiq odam jarohatlangan.
Kiyev harbiy ma’muriyati rahbari Timur Tkachenko hujum oqibatida jabrlanganlar orasida bolalar ham borligini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya yana turar joy hududlarini nishonga olib, tinch aholini o‘ldirmoqda. Hujumdan bir necha soat avval Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya “keng ko‘lamli” zarbaga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida ogohlantirgan edi.
Ukraina havo kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya tunda 74 ta raketa va 496 ta dron uchirgan. Asosiy zarbalar Kiyevga qaratilgan. Havo mudofaasi vositalari ularning aksariyatini urib tushirgan bo‘lsa-da, 25 ta ballistik raketa va 12 ta dron 33 ta manzilga kelib tushgan.

Portlashlar shaharning bir nechta tumanida qayd etildi. Ayrim hududlarda aholi evakuatsiya qilindi. Tongda portlash joylarida yirik kraterlar, yonib ketgan avtomobillar, vayron bo‘lgan binolar va shikastlangan infratuzilma obyektlari ko‘rindi.
Kiyev bo‘ylab bir nechta yong‘in yuzaga kelgan. Shahar markazidagi mehmonxonalardan birida ham yong‘in chiqqan, o‘t o‘chiruvchilar tun davomida alanga bilan kurashgan. Tez yordam stansiyalaridan biri ham zararlangani, kamida bir kishi og‘ir ahvolda ekani aytilmoqda.
Ukraina favqulodda xizmatlari hozirgacha 34 kishi qutqarilganini ma’lum qildi. Qidiruv-qutqaruv ishlari zarba berilgan hududlarda davom etmoqda.
Qaynoq24.uz Rossiya Hindistondan 60 ming tonna benzin sotib olgani haqida yozgan edi.


