Xitoyda BYD brendining Fang Cheng Bao subbrendi ostida sotiladigan Ti7 SUV modeli atrofida yangi muammo yuzaga chiqdi. Bu haqda CNC xabar bermoqda.
Mahalliy iste’molchilarning shikoyatlariga ko‘ra, avtomobilning panoramali oyna tomi kuzovdan ajralib qolmoqda, bu esa salonda suv sizishi, shamol shovqini kuchayishi va orqa zaryadlash porti atrofida suv to‘planishiga sabab bo‘lyapti.
Muammo asosan Ti7’ning elektromobil versiyasida kuzatilgan. Xitoydagi 12365auto iste’molchilar shikoyatlari platformasida model 2025 yil sentyabrda sotuvga chiqqanidan beri 300 ta shikoyat qayd etilgan. Oyna tom bilan bog‘liq murojaatlar esa elektroversiya 30 aprelda taqdim etilganidan keyin paydo bo‘la boshlagan. Xitoy bozorida ushbu avtomobil FCB Ti7 nomi bilan sotilsa, eksport bozorlarida u Ti7 sifatida taklif etilishi kutilmoqda.

Egalarning aytishicha, panoramali oyna tom odatda chap orqa burchakdan ko‘tarilib qoladi. Ayrim holatlarda bu muammo avtomobil yetkazib berilganidan keyin bir hafta ichidayoq namoyon bo‘lgan. Shikoyatlarda oyna paneli bo‘shashib qolishi, uni vaqtincha qo‘l bilan bosib joyiga tushirish mumkinligi, ammo muammo baribir takrorlanishi aytilgan.
SMZDM iste’molchilar uchun maslahatlar platformasiga ko‘ra, ayrim Ti7 avtomobillarida oyna tomdan suv sizishi zaryadlash porti atrofida suv yig‘ilishigacha olib kelgan. Bu haqdagi shikoyat 23 iyun kuni 12365auto platformasida joylashtirilgan, ammo keyinchalik o‘chirilgan.
BYD’ga ixtisoslashgan 3YC Ownership Report akkaunti esa muammo ishlab chiqarish jarayonidagi nuqsonlar, jumladan, oyna tomni o‘rnatishda yelimning notekis surtilishi yoki bosimning noto‘g‘ri taqsimlanishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
Hozircha muammo Ti7’ning PHEV versiyalarida qayd etilmagan. Shu sababli gap butun Ti7 lineykasidagi konstruktiv nuqson haqida emas, balki so‘nggi elektroversiyalarni yig‘ish jarayonidagi ishlab chiqarish muammosi haqida ketishi mumkin. Ayniqsa, may va iyun oylarida Ti7 EV yetkazib berish hajmi oshgani fonida ushbu shikoyatlar ko‘paygani e’tiborga molik.
Hozirgacha panoramali oyna tomning ajralishi bo‘yicha 31 ta rasmiy shikoyat berilgan.
Qaynoq24.uz BYD Seal 08 avtomobilini nega tanlash kerakligi haqida yozgan edi.


