O‘zbekistonda bozorlar va savdo komplekslarini raqamlashtirish uchun “E-bozor” yagona raqamli bozori platformasi ishga tushiriladi.
Qarorga ko‘ra, “E-bozor” platformasi 2026-yil 1-oktabrgacha sinov tariqasida ishga tushiriladi. 2027-yil 1-martgacha esa platforma to‘liq amaliyotga joriy etilishi rejalashtirilgan.
Yangi tizim orqali bozorlar va savdo komplekslari pasporti, manzili, bo‘sh savdo shoxobchalari hamda savdo o‘rinlari haqidagi ma’lumotlar ochiq e’lon qilib boriladi. Aholi bozor va savdo komplekslari faoliyatiga oid ma’lumotlar bilan tanishishi, bozor ma’muriyatiga elektron murojaat yuborishi va javob olishi mumkin bo‘ladi.
“E-bozor” platformasi “Soliq” axborot tizimlari kompleksi tarkibida joriy etiladi. Har bir bozor va savdo kompleksiga soliq xodimlari biriktiriladi, ularning faoliyati samaradorligi esa kunlik tahlil qilib boriladi.
Shuningdek, bozorlar hududida va ularga tutash joylarda joylashgan avtotransportlarni vaqtincha saqlash maskanlarida to‘lovlarni yagona QR kod orqali amalga oshirish imkoniyati yaratiladi.
2026-yil 1-avgustdan transport vositalarini saqlash joylaridan chiqarib yuborish bo‘yicha ruxsatnoma faqat ma’muriy ishni ko‘rib chiquvchi organ va ijro organi tomonidan “Jarima maydonchasi” axborot tizimida QR kod bilan tasdiqlanadi hamda elektron shaklda yuboriladi.
Qaynoq24.uz qurilish kompaniyalarining soliq qarzdorligi haqida yozgan edi.


