Apple kompaniyasi o‘ta yupqa korpusga ega iPhone Air 2 modelining ikkinchi avlodini tayyorlamoqda. Ta’minot zanjiriga oid norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, iPhone Air 2’da avvalgi modelning asosiy kamchiliklari bo‘lgan batareya quvvati va kamera imkoniyatlarini yaxshilash rejalashtirilgan.
Insayder Digital Chat Station ma’lumotiga ko‘ra, yangi smartfon batareyasi 3 149 mA/soatdan qariyb 3 500 mA/soatgacha oshiriladi. Bu sig‘imning taxminan 11 foizga ko‘payishini anglatadi va qurilmaning kundalik ishlash vaqtini uzaytirishi mumkin.
Birinchi avlod iPhone Air yupqa dizayni bilan e’tibor qozongan bo‘lsa-da, ayrim foydalanuvchilar uning tez quvvat sarflashi va sodda kamera tizimini tanqid qilgan edi. Shu sabab Apple yangi avlodda ichki tuzilmani qayta ishlab, korpus qalinligini sezilarli oshirmagan holda kattaroq batareya joylashtirishga urinayotgani aytilmoqda.
Manbada iPhone Air 2 jami to‘rtta yirik apparat yangilanishiga ega bo‘lishi ta’kidlangan, biroq hozircha ularning barchasi batafsil ochiqlanmagan. Smartfonning texnik xususiyatlari, taqdimot sanasi va narxi bo‘yicha Apple rasmiy ma’lumot bermadi.
Qaynoq24.uz buklamali iPhone sotuvga kechroq chiqishi haqida yozgan edi.


