Buklamali iPhone sotuvga kechroq chiqadi

Foto: fpt
Jonibek Juraqulov
2 Daqiqa o‘qish

Apple’ning ilk buklamali iPhone modeli 2026-yildagi yangi smartfonlar qatoridan kechroq sotuvga chiqishi mumkin. Tahlilchi Ming-Chi Kuo ta’minot zanjiri ma’lumotlariga tayanib, qurilma iPhone Ultra yoki iPhone 18 Ultra nomi bilan taqdim etilishi mumkinligini bildirgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Apple 2026-yilning ikkinchi yarmida atigi 7–8 mln dona buklamali iPhone ishlab chiqaradi. Taqqoslash uchun, shu davrda iPhone 18 Pro va iPhone 18 Pro Max ishlab chiqarish hajmi 20–22 mln donaga yetishi kutilmoqda. Uchinchi chorakda esa buklamali model yig‘ilishi atigi 0,5–1 mln dona atrofida bo‘lishi mumkin.

Cheklangan ishlab chiqarish sababli buklamali iPhone sotuvga oddiy iPhone 18 modellari bilan bir vaqtda chiqmasligi ehtimoli bor. Tahlilchiga ko‘ra, Apple qurilmani yangi liniya bilan birga namoyish qilishi, biroq real sotuvlarni faqat 2026-yilning to‘rtinchi choragida boshlashi mumkin. Bu holat 2017-yildagi iPhone X ssenariysini eslatadi: o‘sha paytda model iPhone 8 bilan birga taqdim etilgan, ammo ishlab chiqarishdagi murakkabliklar sabab sotuvlar kechroq boshlangan edi.

Foto: GSMArena

Kuo buklamali iPhone narxi taxminan $2300–2500 atrofida bo‘lishini kutmoqda. Shunga qaramay, talab yuqori bo‘lishi mumkin. Dastlabki partiyalar oldindan buyurtmalar ochilishi bilanoq sotilib ketishi, yetkazib berish muddati esa 4–6 hafta yoki undan ko‘proqqa cho‘zilishi ehtimoli bor.

Cheklangan taklif va yangi formatga bo‘lgan qiziqish fonida ilk qurilmalar rasmiy narxidan 50–100 foiz qimmatroqqa qayta sotilishi ham mumkin.

Tahlilchiga ko‘ra, buklamali iPhone’ga real talabni faqat 2026-yil oxiri yoki 2027-yil birinchi choragida, dastlabki shov-shuv pasayib, ishlab chiqarish barqarorlashganidan keyin baholash mumkin bo‘ladi.

Qaynoq24.uz iPhone 18 Pro va iPhone 18 Pro Max smartfonlari akkumulyatori tasdiqlangani haqida yozgan edi.

TAGGED:
Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
2006-yilda Samarqand viloyati Urgut tumanida tug‘ilgan. Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti talabasi. Kompyuter texnologiyalari, sport, iqtisodiy mavzularda yozishni yoqtiradi. Muvaffaqiyatli shaxslar va huquqiy mavzularda maqolalari chop etilgan. Jonibek Juraqulov Qaynoq24.uz nashrining ma’sul jurnalisti ham hisoblanadi. Aloqa uchun: j.juraqulov@qaynoq24.uz

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.