Apple’ning hali taqdim etilmagan iPhone 18 Pro va iPhone 18 Pro Max smartfonlari akkumulyatori bo‘yicha ilk muhim ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Xitoyning 3C sertifikatlash bazasida qayd etilgan hujjatlar yangi modellarning batareya sig‘imini ko‘rsatdi. Odatda bunday sertifikatlar rasmiy tartib-taomillar bilan bog‘liq bo‘lgani uchun ular ishonchli manbalardan biri sifatida qaraladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, iPhone 18 Pro‘ning Xitoy bozori uchun mo‘ljallangan versiyasi 4056 mA·soat sig‘imli akkumulyatorga ega bo‘ladi. AQSh versiyasida esa bu ko‘rsatkich 4288 mA·soatni tashkil etadi. Taqqoslash uchun, iPhone 17 Pro‘da Xitoy versiyasi 3988 mA·soat, AQSh versiyasi esa 4252 mA·soat sig‘imli batareya bilan chiqqan edi. Ya’ni yangi Pro modelida o‘sish katta bo‘lmasa-da, Apple akkumulyator hajmini biroz oshirayotgani ko‘rinmoqda.
iPhone 18 Pro Max’da esa farq ancha sezilarliroq. 3C sertifikatiga ko‘ra, Xitoy versiyasida 5391 mA·soat, AQSh versiyasida esa 5567 mA·soat sig‘imli batareya qo‘llanadi. iPhone 17 Pro Max’da bu ko‘rsatkichlar mos ravishda 4823 mA·soat va 5088 mA·soat bo‘lgan. Shunday qilib, Pro Max modelida akkumulyator hajmi qariyb 500 mA·soatga oshishi mumkin.
Raqobatchilardachi?
So‘nggi yillarda Xiaomi, Oppo va OnePlus kabi Xitoy ishlab chiqaruvchilari flagman smartfonlarida 7000 mA·soatdan yuqori sig‘imli batareyalardan foydalanmoqda. Apple esa odatda raqobatchilar kabi juda katta akkumulyator qo‘yishdan ko‘ra, chip samaradorligi va dasturiy optimizatsiya orqali ishlash vaqtini uzaytirishga e’tibor qaratadi.
iPhone 18 Pro Max’da batareya sig‘imining 5500 mA/soat atrofida bo‘lishi va yangi A20 Pro chipi bilan birga ishlashi qurilmaning avtonomligini sezilarli yaxshilashi mumkin.
Avvalroq iPhone 18 Pro seriyasi Apple’ning 2 nanometrli texnologik jarayonda ishlab chiqariladigan ilk A20 Pro chipi bilan jihozlanishi haqida xabarlar tarqalgan edi. Dizayn bo‘yicha esa keskin o‘zgarishlar kutilmayapti. Biroq Dynamic Island kesimi kichrayishi mumkin, chunki Face ID tizimining ayrim elementlari ekran ostiga ko‘chirilishi aytilmoqda.
Kamera qismida ham yangiliklar bo‘lishi mumkin. Tarqalgan maketlarga ko‘ra, iPhone 18 Pro Max asosiy kamerada o‘zgaruvchan diafragma tizimiga ega bo‘lishi ehtimoli bor. Bunday yechim obyektiv orqali sensorga tushadigan yorug‘lik miqdorini jismonan boshqarish imkonini beradi. Shuningdek, qurilma uchta 48 megapikselli sensor va periskop teleobyektiv bilan jihozlanishi mumkinligi aytilmoqda.
Ekran o‘lchamlari esa avvalgi avlod bilan bir xil qolishi kutilmoqda. iPhone 18 Pro 6,3 dyuymli, iPhone 18 Pro Max esa 6,9 dyuymli displeyga ega bo‘lishi mumkin.
Qaynoq24.uz iPhone 17 Pro Max Android Ultra flagmanlarini ortda qoldirgani haqida yozgani haqida yozgan edi.


