OnePlus tomonidan yangi OnePlus Ace 6 Ultra smartfoni rasman taqdim etildi. Bu haqda Gizmochina nashri xabar bermoqda.
Smartfon MediaTek Dimensity 9500 protsessori bilan jihozlangan. Ushbu chip 3 nm texnologiya asosida ishlab chiqarilgan bo‘lib, kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, oldingi avlodga nisbatan 32 foiz tezroq ishlaydi va energiya sarfini 55 foizga kamaytiradi.
Qurilma uzoq vaqt davomida yuqori FPS darajasini ushlab turishga qodir. Bunda maxsus “Wind Chaser” o‘yin yadrosi, kuchli sovutish tizimi va katta bug‘ kamerasi muhim rol o‘ynaydi. Shu sababli telefon og‘ir grafik yuklama ostida ham barqaror ishlaydi. Modelning yana bir muhim jihati — tashqi o‘yin kontrollerini qo‘llab-quvvatlashi. Maxsus “Strix” kontrolleri mexanik trigger tugmalariga ega bo‘lib, javob tezligi atigi 1,8 millisekundni tashkil etadi. Unga qo‘shimcha sovutish modullarini ham ulash mumkin.

Smartfon 6,78 dyuymli OLED displey bilan jihozlangan. Ekran 1,5K aniqlik va 165 Hz yangilanish tezligini qo‘llab-quvvatlaydi. Sensor javob tezligi juda yuqori bo‘lib, bu o‘yinlar uchun qulaylik yaratadi. Kameralar tizimi oddiyroq: 50 MP asosiy kamera va 8 MP keng burchakli modul mavjud. Old kamera 16 MP. Qurilma 8 600 mAh sig‘imli katta batareya bilan jihozlangan va 120 Vt tezkor zaryadlashni qo‘llab-quvvatlaydi.
Smartfon Android 16 asosidagi ColorOS 16 tizimida ishlaydi. Unda tezkor LPDDR5X operativ xotira va UFS 4.1 doimiy xotira mavjud. Narxlar 12/256 GB versiya uchun taxminan $510 dan boshlanadi. Eng yuqori konfiguratsiya 16 GB tezkor xotira va 1 TB xotira bilan $740 atrofida baholanmoqda.
Narxlar:
| Variant | Narx (yuan) | Narx (USD) |
|---|---|---|
| 12 GB + 256 GB | 3 499 | $510 |
| 16 GB + 256 GB | 3 799 | $554 |
| 12 GB + 512 GB | 4 099 | $598 |
| 16 GB + 512 GB | 4 399 | $642 |
| 16 GB + 1 TB | 5 099 | $744 |
Qaynoq24.uz Vivo Y600 Pro smartfoni namoyish qilingani haqida yozgan edi.

