Vivo kompaniyasi tomonidan yangi Vivo Y600 Pro smartfoni taqdim etildi. Bu haqda Gizmochina nashri xabar bermoqda.
Yangi model 6,83 dyuymli AMOLED displey bilan jihozlangan. Ekran 1.5K aniqlik, 120 Hz yangilanish tezligi va HDR10+ qo‘llab-quvvatlashiga ega. Shuningdek, u ko‘zlarni himoya qiluvchi texnologiyalar bilan ta’minlangan. Smartfon MediaTek Dimensity 7300e protsessori asosida ishlaydi. U 6 nm texnologiyada ishlab chiqarilgan bo‘lib, yuqori unumdorlikni ta’minlaydi.

Qurilma LPDDR5 operativ xotira va UFS 3.1 doimiy xotira bilan taklif etiladi.
Kamera tizimi ham kuchli. Asosiy kamera 50 MP bo‘lib, stabilizatsiya va turli rejimlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Old kamera esa 32 MP qilib belgilangan.
Eng asosiy ustunlik — batareya. Qurilmaga 10 200 mAh sig‘imli akkumulyator o‘rnatilgan. U 80 W tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi va to‘liq zaryad olish uchun taxminan 80 daqiqa talab etiladi. Batareya hatto -20 darajadan +40 darajagacha bo‘lgan haroratda barqaror ishlashi aytilmoqda.

Smartfon mustahkamlik jihatidan ham yuqori darajada. U IP68 va IP69 standartlariga ega bo‘lib, suv va changdan himoyalangan. Korpus zarbalarga chidamli qilib ishlab chiqilgan. Qo‘shimcha funksiyalar qatorida NFC, infraqizil port, stereo karnaylar, ekran osti barmoq izi skaneri va 5G qo‘llab-quvvatlovi mavjud.
Narxlarga kelsak, boshlang‘ich 8/128 GB versiya 2099 yuan yoki taxminan 306 dollar etib belgilangan. Eng yuqori 12/512 GB varianti esa 2899 yuan yoki 423 dollar turadi. Vivo Y600 Pro hozircha Xitoyda oldindan buyurtmaga ochilgan. Rasmiy savdolar 5-maydan boshlanishi kutilmoqda.
Qaynoq24.uz Vivo Y500s smartfoni taqdim etilgani haqida yozgan edi.

