Namangan viloyatining Mingbuloq tumanida bank xodimlari bilan bog‘liq firibgarlik holati fosh etildi. Holat tadbirkorlik subyektlari huquqlarini himoya qilish doirasida o‘tkazilgan tekshiruv davomida aniqlangan.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning tuman bo‘limi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda tijorat bankining Mingbuloq filialida ishlovchi ikki nafar xodim gumon ostiga olingan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, filial boshqaruvchisi vazifasini bajaruvchi F.K. va mahallabay ishlash bo‘limi xodimi M.Yu. tadbirkorga yordam berishni va’da qilgan. Ular “X.B.” MChJ rahbari N.M.ning 15 mln so‘mlik kredit qarzdorligini yopib berish evaziga oldindan 1 ming AQSh dollari olgan.
Biroq olingan mablag‘ evaziga qarzdorlik bartaraf etilmagan. Tekshiruv davomida ushbu pulning bir qismi, ya’ni 7,2 mln so‘m qaytarilgani protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi, ya’ni firibgarlik bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Qaynoq24.uz Sirdaryoda 2,9 mlrd so‘mlik kredit talon-toroj qilingani haqida yozgan edi.

