Xorazmda yaroqlilik muddati o‘tgan hamda qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotlarini muomalaga kiritish holatlarining oldi olindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Departamentning Xonqa tumani bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda “A.D.” MCHJ rahbari S.X. savdo do‘konida yaroqlilik muddati o‘tgan alkogol mahsulotlarini sotuvga qo‘ygani aniqlangan.
Tekshiruv davomida do‘kondan 228 dona yaroqlilik muddati o‘tgan, iste’molchilarning hayoti yoki sog‘lig‘i xavfsizligi talablariga javob bermaydigan alkogol mahsulotlari aniqlangan. Shuningdek, yana 18 turdagi 359 dona spirtli ichimlik va 14 turdagi 565 quti tamaki mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Shunga o‘xshash yana bir holat Shovot tumanida qayd etildi. Departamentning tuman bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda “X.M.” xususiy korxonasi rahbari M.M. “Turkiston” MFY hududidagi savdo do‘konida qalbaki aksiz markali mahsulotlarni sotuvga qo‘ygani aniqlangan.
Mazkur do‘kondan 6 turdagi 375 dona qalbaki aksiz markali alkogol mahsuloti hamda 7 turdagi 306 quti tamaki mahsuloti ashyoviy dalil sifatida olingan.
Ushbu holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-186-moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qaynoq24.uz 14,9 mlrd so‘mlik korrupsion sxema fosh etilgani haqida yozgan edi.


