O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tizimida 14,9 mlrd so‘mlik korrupsion sxema fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Departament xodimlari tomonidan tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan tezkor-qidiruv tadbirlari o‘tkazilgan. Ularda agentlikning mas’ul xodimlari ishtirokida tovarlarni import qilishda rasmiylashtiriladigan hujjatlar uchun norasmiy “stavka”lar belgilangani aniqlangan.
Tezkor tadbir davomida fuqaro G.U. Turkiyaning “Y.T.” korxonasini xorijiy eksportyor korxonalar reyestriga kiritib berishni va’da qilgani uchun 1 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. U bu ishni O‘simliklar karantini va himoyasi agentligida ishlovchi tanishlari orqali hal qilib berishini aytgan.
Tergovga qadar tekshiruvda G.U. va agentlik bosh mutaxassisi M.G. o‘zaro til biriktirgani ham aniqlangan. Ular “S.S.” MCHJga Rossiyadan yog‘och hamda Turkmanistondan pomidor mahsulotlarini import qilish uchun karantin ruxsatnomasini rasmiylashtirib berish evaziga 2,9 mln so‘mni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.
Departament ma’lumotiga ko‘ra, fuqaro G.U.ning ikki bank plastik kartasiga fuqarolardan P2P shaklida 10,9 mlrd so‘m kelib tushgan. Ushbu mablag‘ning 1,6 mlrd so‘mi to‘lovlar uchun yo‘naltirilgan. 6,1 mlrd so‘mi naqdlashtirilib, agentlikning mas’ul xodimlariga berilgani, qolgan 3,1 mlrd so‘m esa shaxsiy ehtiyojlar uchun sarflangani aniqlangan.
Shuningdek, agentlik va uning quyi tashkilotlari g‘azna hisob raqamlariga kelib tushgan 91,7 mlrd so‘mlik mablag‘lar ham tahlil qilingan. Tahlil davomida 14,9 mlrd so‘mlik to‘lovlar 759 nafar fuqaroning plastik kartalari orqali amalga oshirilgani ma’lum bo‘lgan. Ularning 174 nafari agentlik tizimi xodimlari, 34 nafari esa ularning yaqin qarindoshlari ekani aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi, ya’ni firibgarlik hamda 211-moddasi, ya’ni pora berish moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qaynoq24.uz 10 kg kumushni noqonuniy sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlangani haqida yozgan edi.


