OPPO kompaniyasining Oppo Find X10 Pro smartfoni haqida yangi tafsilotlar tarqaldi. Bu haqda Gizchina nashri xabar bermoqda.
Insayder Digital Chat Station ma’lumotiga ko‘ra, qurilma kuchli kamera tizimi, 8000 mA·soat sig‘imli batareya va 2 nanometrli texnologik jarayonda ishlab chiqarilgan yangi Dimensity 9600 chipi bilan jihozlanadi.
Manbaga ko‘ra, Find X10 Pro‘ning muhandislik prototipi 6,78 dyuymli tekis LTPO OLED ekran bilan sinovdan o‘tkazilmoqda. Displey 1,5K aniqlikka ega bo‘lishi va Tianma’ning yangi avlod displey substratidan foydalanishi aytilmoqda. Shuningdek, smartfon barcha tomondan ingichka ramkalar va katta yumaloqlashtirilgan burchaklar bilan ishlab chiqilishi kutilmoqda.
Asosiy e’tibor kamera tizimiga qaratilgan. Find X10 Pro ikkita 200 megapikselli kamera bilan jihozlanishi mumkin. Ulardan biri 1/1,3 dyuymli Samsung HPC asosiy sensori bo‘ladi. Ikkinchi 200 megapikselli sensor esa yirik o‘lchamli telefoto kamera sifatida ishlatilishi kutilmoqda. Bundan tashqari, qurilmada rang aniqligini yaxshilash uchun 3 megapikselli multispektral sensor ham bo‘lishi aytilmoqda.
Agar ushbu ma’lumotlar tasdiqlansa, Find X10 Pro OPPO‘ning Pro darajadagi flagmanlari orasida bir vaqtning o‘zida ikki xil fokus masofasida 200 megapikselli sensorlardan foydalangan ilk modelga aylanishi mumkin. Bu smartfonga nafaqat asosiy kamerada, balki yaqinlashtirish rejimida ham yuqori aniqlikdagi suratlar olish imkonini beradi.
Qaynoq24.uz OnePlus Turbo 6X rasmiy suratlari e’lon qilingani haqida yozgan edi.


