OnePlus kompaniyasi OnePlus Turbo 6X smartfonining rasmiy suratlarini e’lon qildi va uning asosiy texnik xususiyatlarini ochiqladi. Bu haqda ITHome nashri xabar bermoqda.
Smartfon 144 gersli IPS ekran, 7000 mA·soat sig‘imli akkumulyator va MediaTek Dimensity 7360 Super protsessori bilan jihozlanadi. Qurilmaning taxminiy narxi 220 dollar atrofida bo‘lishi kutilmoqda.

Rasmiy tasvirlarda Turbo 6X uch xil rangda namoyish etilgan. Smartfon tekis yon ramkaga ega korpusda ishlangan bo‘lib, orqa tomonida qo‘shaloq asosiy kamera moduli joylashgan.
Modelning asosiy jihatlaridan biri 144 gersli IPS ekran bo‘ladi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, displey ko‘zni himoya qilish texnologiyalarini qo‘llab-quvvatlaydi va miltillashsiz ishlashi bilan ajralib turadi. Bu uzoq vaqt foydalanishda ko‘zga tushadigan yuklamani kamaytirishga xizmat qiladi.

Turbo 6X 7000 mA/soat sig‘imli akkumulyator bilan jihozlanadi. Ishlab chiqaruvchining ta’kidlashicha, batareya uzoq muddatli foydalanishga mo‘ljallangan va olti yil davomida o‘z asosiy xususiyatlarini saqlab qolishi kerak.
Smartfon MediaTek Dimensity 7360 Super protsessori asosida ishlaydi. Bu chip qurilmaga kundalik vazifalar, o‘yinlar va multimedia imkoniyatlari uchun yetarli unumdorlik berishi kutilmoqda.
OnePlus shu bilan birga yanada ilg‘or Turbo 6X Pro modelini ham tayyorlamoqda. Ushbu versiya 8000 mA/soat sig‘imli akkumulyator, MediaTek Dimensity 7400 Super protsessori va 1,5K aniqlikdagi Samsung ekrani bilan jihozlanadi. Turbo 6X Pro to‘liq suvdan himoya xususiyatiga ega bo‘lishi aytilmoqda.
Pro versiya ikki xil rangda — to‘q sariq va qora talqinlarda sotuvga chiqarilishi kutilmoqda. OnePlus Turbo 6X hamda Turbo 6X Pro‘ning yakuniy narxlari va konfiguratsiyalari rasmiy taqdimot vaqtida ma’lum bo‘ladi.
Qaynoq24.uz Turbo 6X seriyasi haqida yozgan edi.


