Honor kompaniyasi tomonidan Xitoyda Honor 600 Pro smartfoni rasman taqdim etildi. Bu haqda kompaniya saytida xabar berildi.
Xitoy uchun chiqarilgan Honor 600 Pro 8 000 mA/soat sig‘imli akkumulyator bilan jihozlangan. Taqqoslash uchun, Yevropa versiyasida batareya sig‘imi 6 400 mA/soatni tashkil etadi. Global versiyada esa bu ko‘rsatkich 7 000 mA/soatga teng.

Smartfonning apparat platformasi ham o‘zgargan. Global modelda Snapdragon 8 Elite chipi ishlatilgan bo‘lsa, Xitoy versiyasida Dimensity 8550 Elite protsessori qo‘llangan. Honor 600 Pro 6,57 dyuymli AMOLED ekran bilan jihozlandi. Displey aniqligi 2728 x 1264 pikselni tashkil etadi. Ekran 120 Hz yangilanish chastotasini qo‘llab-quvvatlaydi.
Shuningdek, unda 3840 Hz PWM yorqinlikni boshqarish texnologiyasi bor. Shu sababli ekran ko‘zga kamroq charchoq beradigan, deyarli miltillamaydigan panel sifatida taqdim etilmoqda. Smartfonning asosiy kamerasi uchta moduldan iborat. Bosh sensor 200 MP aniqlikka ega. U F/1.9 diafragmali obyektiv va optik stabilizatsiya tizimi bilan jihozlangan.
Periskop kamerada 50 MP sensor o‘rnatilgan. Keng burchakli modul esa 12 MP aniqlikka ega. Old kamera 50 MP bo‘lib, selfi va videoaloqa uchun mo‘ljallangan. Honor 600 Pro 80 vattli simli quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Bundan tashqari, smartfonda 50 vattli simsiz quvvatlash imkoniyati ham mavjud.

Model Wi-Fi 7, Bluetooth 6.0, NFC va infraqizil port bilan ta’minlangan. Qurilma IP68 va IP69K standartlari bo‘yicha suv hamda changdan himoyalangan.
Narxlar
| Honor 600 Pro versiyasi | Ilk xaridorlar uchun narx | Chegirmasiz narx |
|---|---|---|
| 12/256 GB | $500 | $575 |
| 12/512 GB | $560 | $635 |
| 16/512 GB | $615 | $690 |
Qaynoq24.uz Honor WIN Turbo smartfoni qachon chiqishi haqida yozgan edi.

