Xiaomi 2026-yil uchun smartfon yetkazib berish rejasini 90 mln donadan 110 mln donagacha oshirdi. Bu haqda kompaniya rejalari bilan tanish manbalarga tayanib Gizchina xabar bermoqda.
Yangilangan ko‘rsatkich avvalgi prognozdan qariyb 22 foizga yuqori. Xiaomi bu qarorni xotira chiplari bozoridagi vaziyat barqarorlashishi va smartfon ishlab chiqarish xarajatlari bosimi kamayishi mumkinligi bilan izohlamoqda.
Avvalroq DRAM va NAND xotira chiplari narxining oshishi sabab kompaniya 2026-yil uchun yetkazib berish rejasini ikki marta pasaytirgani aytilgan edi. Komponentlar qimmatlashishi smartfonlar tannarxini oshirib, ishlab chiqaruvchilarning foyda marjasiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.
Endilikda kompaniya xotira narxlari o‘sishi to‘xtashi yoki pasayishi mumkin, deb hisoblamoqda. Bu esa kompaniyaga ishlab chiqarish hajmini kengaytirish va xarajatlarni yaxshiroq nazorat qilish imkonini beradi.
Qo‘shimcha sotuvlarning asosiy qismi premium modellardan emas, balki arzon va o‘rta narx segmentidagi smartfonlar hisobidan ta’minlanishi kutilmoqda. Ayniqsa, Osiyo, Lotin Amerikasi va boshqa rivojlanayotgan bozorlarda narx va imkoniyatlar nisbatiga katta e’tibor qaratadigan xaridorlar Xiaomi uchun asosiy auditoriya bo‘lib qolmoqda.
Kompaniya savdoni oshirish uchun Redmi Note 17, Redmi 17 hamda Redmi K100 turkumidagi yangi qurilmalarga tayanishi mumkin. Xiaomi mazkur xabar yuzasidan hozircha rasmiy izoh bermagan.
Qaynoq24.uz Xiaomi 18 Pro Max Ultra o‘rnini egallashi mumkinligi haqida yozgan edi.


