Xiaomi kompaniyasi yangi Xiaomi 18 flagman smartfonlari turkumini Hindiston bozorida 2026-yil dekabr oyidayoq taqdim etishi mumkin. Bu haqda Gizmochina nashri xabar bermoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yangi turkumdan uchta qurilma — Xiaomi 18, Xiaomi 18 Pro va Xiaomi 18 Pro Max o‘rin oladi. Kompaniya Xiaomi 18 Ultra modelini ishlab chiqishdan voz kechgani, uning o‘rnini esa eng yuqori toifadagi Pro Max egallashi aytilmoqda. Agar ma’lumot tasdiqlansa, bu Xiaomi’ning so‘nggi yillardagi flagmanlar strategiyasidagi eng katta o‘zgarishlardan biri bo‘ladi.
Xiaomi 18 Pro Max turkumdagi eng kuchli va qimmat model sifatida joylashtirilishi kutilmoqda. Biroq u Hindistonda cheklangan miqdorda sotuvga chiqarilishi mumkin. Kompaniya avval Ultra rusumidagi qurilmalarda ham shunga o‘xshash yondashuvdan foydalanib, ularni ommaviy model emas, balki yuqori texnologiyali maxsus flagman sifatida taklif qilgan.
Standart Xiaomi 18 va Xiaomi 18 Pro esa kengroq savdoga chiqarilishi mumkin. Dekabrdagi taqdimot kompaniyaga yangi smartfonlarni bayramoldi xaridlar mavsumida Samsung, Apple, Vivo va Oppo kabi raqiblarning yuqori toifadagi qurilmalariga qarshi joylashtirish imkonini beradi.
Nimalar kutilmoqda
Xiaomi yangi smartfonlar bilan birga Hindistondagi aqlli uy ekotizimini ham kengaytirishni rejalashtirayotgani aytilmoqda. Dekabrdagi tadbirda televizorlar, maishiy texnika va internet orqali o‘zaro bog‘lanadigan boshqa Xiaomi qurilmalari namoyish etilishi mumkin. Bunda Xiaomi 18 turkumi kompaniyaning smartfon, avtomobil va uy qurilmalarini birlashtiruvchi ekotizimining markaziy boshqaruv vositasi sifatida taqdim qilinishi kutilmoqda.
Hozir Xiaomi’ning Hindistondagi rasmiy saytida Xiaomi 17 hamda Xiaomi 17 Ultra uchun alohida sahifalar mavjud. Demak, Ultra nomi kompaniyaning amaldagi flagmanlar qatorida saqlanib turibdi. Xiaomi 18 Pro Max’ning uning o‘rnini egallashi premium qurilmalarni nomlash va bozorga chiqarish siyosati o‘zgarayotganini anglatishi mumkin.
Shu bilan birga, yangi xabar avval tarqalgan ayrim ma’lumotlarga zid. Oldingi sizdirilgan ma’lumotlarda Xiaomi 18 Ultra 2026-yil dekabrida yangi to‘rtta kamerali tizim bilan chiqishi mumkinligi aytilgan edi. Shu sababli Ultra loyihasi haqiqatan ham bekor qilinganmi yoki faqat ayrim bozorlar uchun Pro Max bilan almashtiriladimi — hozircha noma’lum.
Qaynoq24.uz Xiaomi 18 Pro katta yangilanishlar bilan chiqishi mumkinligi haqida yozgan edi.


