O‘zbekistonda soliq inspektorlari va «Mahalla yettiligi» hamkorligida olib borilgan ishlar natijasida 2026-yilning yanvar–iyun oylarida jismoniy shaxslarning turar joy obyektlari bo‘yicha 3,3 trln so‘m soliq hisoblandi. Shundan 326,8 mlrd so‘m mahalla budjetlarida qoldirildi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi ma’lum qildi.
Mahalla budjetiga yo‘naltirilgan mablag‘lar bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Samarqand viloyatida qayd etildi. Hududdagi turar joy obyektlari bo‘yicha 425,1 mlrd so‘m soliq hisoblanib, uning 42,5 mlrd so‘mi mahalla budjetlariga qoldirildi.
Keyingi o‘rinlarni Farg‘ona viloyati va Toshkent shahri egalladi. Farg‘onada hisoblangan 340,7 mlrd so‘mlik soliqning 34,1 mlrd so‘mi, Toshkent shahrida esa 335,7 mlrd so‘mning 33,6 mlrd so‘mi mahallalar ixtiyorida qoldirildi.
Surxondaryo viloyatida mahalla budjetlariga 31,7 mlrd so‘m, Qashqadaryoda 30,7 mlrd so‘m va Toshkent viloyatida 30,6 mlrd so‘m yo‘naltirildi. Buxoro viloyatida bu ko‘rsatkich 22,1 mlrd so‘mni, Namanganda 20,6 mlrd so‘mni tashkil etdi.
Shuningdek, Andijon va Qoraqalpog‘istonda mahalla budjetlariga 17,6 mlrd so‘mdan, Xorazmda 17,5 mlrd so‘m, Jizzaxda 14,3 mlrd so‘m, Navoiyda 8,3 mlrd so‘m hamda Sirdaryoda 5,6 mlrd so‘m qoldirilgan.
Mahallabay ishlash davomida soliq bazasida ilgari mavjud bo‘lmagan 456 995 ta qo‘shimcha obyekt aniqlandi. Ular hisobidan jami 378,7 mlrd so‘mlik qo‘shimcha soliq hisoblandi. Shundan 147,9 mlrd so‘mi mol-mulk solig‘i, 230,8 mlrd so‘mi esa yer solig‘i hissasiga to‘g‘ri keldi.
Hisobot davrida 70 692 ta tadbirkorlik subyekti faoliyatini qayta tikladi, 102 100 ta subyekt davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. O‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar soni 1 mln 217 ming 297 nafarga yetdi. Bundan tashqari, 7 891 ta dehqon xo‘jaligi ro‘yxatdan o‘tkazildi.
Korxonalarda ishchilar soni va ish haqining oshirilishi hisobiga 113 678 nafar norasmiy ishchining faoliyati legallashtirildi. Ushbu ishlar natijasida 145,5 mlrd so‘mlik qo‘shimcha daromad solig‘i hisoblandi, rasmiy ish haqi fondi esa 213,2 mlrd so‘mga oshdi.
Qaynoq24.uz qurilish kompaniyalarining soliq qarzdorligi haqida yozgan edi.


