Xiaomi kompaniyasining yangi budjet smartfoni — Redmi 17 4G Yevropa Ittifoqining energiya samaradorligi bo‘yicha EPREL bazasida paydo bo‘ldi. Sertifikat ma’lumotlariga ko‘ra, qurilma 7500 mA/soat sig‘imli batareya va 45 vattli tezkor quvvatlash texnologiyasiga ega bo‘ladi.
Smartfon to‘liq quvvat bilan 73 soat 54 daqiqagacha ishlashi mumkin. Bu qariyb uch sutkaga teng. Shuningdek, batareya mingta quvvatlash siklidan keyin ham dastlabki sig‘imining kamida 80 foizini saqlab qolishi kutilmoqda.
Redmi 17 4G chang va suv sachrashidan himoya qiluvchi IP64 standartiga mos keladi. Qurilmaning o‘lchami 170,12 × 78,42 × 8,8 millimetrni, og‘irligi esa 232 grammni tashkil etishi aytilmoqda.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, smartfon 1600 × 720 pikselli 6,9 dyuymli ekran va 120 gersli yangilanish chastotasiga ega bo‘ladi. Qurilma MediaTek Helio G91 Ultra protsessori asosida ishlashi hamda Android 16 operatsion tizimiga asoslangan HyperOS 3.0 interfeysi bilan taqdim etilishi kutilmoqda.
Model 4 yoki 6 GB tezkor xotira hamda 128 yoki 256 GB ichki xotira bilan sotuvga chiqarilishi mumkin. Asosiy kamera 50 megapikselli sensor, old kamera esa 8 megapikselli modul bilan jihozlanishi aytilmoqda.
Tarqalgan tasvirlarda Redmi 17 4G to‘q ko‘k, qora, yashil va binafsha ranglarda namoyish etilgan. Smartfon, avvalo, yuqori unumdorlikdan ko‘ra uzoq ishlash muddati va kundalik foydalanish uchun zarur asosiy imkoniyatlarni afzal ko‘radigan xaridorlarga mo‘ljallangan.
Xiaomi hozircha Redmi 17 4G‘ning taqdimot sanasi, narxi va sotuv geografiyasini rasman e’lon qilmagan. Qurilma haqidagi to‘liq ma’lumotlar yaqin haftalarda ochiqlanishi kutilmoqda.
Qaynoq24.uz Redmi Note 17 Pro smartfoni taqdim etilgani haqida yozgan edi.


