Xiaomi kompaniyasi Xitoyda Redmi Note 17 Pro smartfoni taqdim etildi. Bu haqda Gizmochina nashri xabar bermoqda.
Qurilmaga kremniy-uglerod texnologiyasi asosidagi batareya o‘rnatilgan. Uning ishlashini Xiaomi’ning Surge G1 quvvat boshqaruv chipi nazorat qiladi. Smartfon 67 vattli tezkor quvvatlash hamda boshqa qurilmalarni 22,5 vatt quvvat bilan sim orqali quvvatlantirish imkoniyatini qo‘llab-quvvatlaydi.
Xiaomi dastlabki xaridorlarga batareya uchun besh yillik xizmat ko‘rsatish dasturini ham taklif qilmoqda. Dasturga ko‘ra, dastlabki to‘rt yil ichida batareya sig‘imi 80 foizdan pastga tushsa, kompaniya uni bepul almashtiradi. Beshinchi yilda ham batareyani almashtirish imkoniyati mavjud bo‘ladi.
Redmi Note 17 Pro IP66, IP68, IP69 va IP69K himoya standartlariga ega. Bu smartfon chang, suv hamda yuqori bosim ostidagi suv oqimiga chidamli ekanini anglatadi. Qurilmaning ichki konstruksiyasida metall tayanch va zarbani yumshatuvchi materiallardan foydalanilgan. Ekran esa Corning Gorilla Glass Victus 2 oynasi bilan himoyalangan.

Smartfon 2772×1280 pikselli 6,83 dyuymli AMOLED ekran bilan jihozlangan. Displeyning yangilanish tezligi 120 Gts, maksimal yorqinligi esa 3500 nitni tashkil etadi. Shuningdek, ekran 3840 Gts chastotali PWM yorqinlikni boshqarish texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi va qorong‘i sharoitda yorqinlikni 1 nitgacha pasaytira oladi.
Qurilma Qualcomm Snapdragon 6s Gen 4 protsessorida ishlaydi. U LPDDR4X tezkor xotirasi bilan jihozlangan. 128 GB xotirali boshlang‘ich versiyada UFS 2.2, katta xotirali variantlarda esa UFS 3.1 standartidagi saqlash qurilmasidan foydalanilgan.
Narxlar va kamera

Redmi Note 17 Pro‘ning asosiy kamerasi 50 megapikselli bo‘lib, unga 2 megapikselli chuqurlik sensori hamrohlik qiladi. Old kameraning aniqligi 8 megapikselni tashkil etadi. Smartfon soniyasiga 30 kadr tezlikda Full HD video yozishi mumkin.
Model Xiaomi HyperOS 3 operatsion tizimida ishlaydi. Unda 5G, Wi-Fi 5, Bluetooth 5.1, NFC va ikkita stereodinamik mavjud.
Redmi Note 17 Pro‘ning 8/128 GB xotirali versiyasi 1599 yuan, 8/256 GB varianti 1899 yuan, 12/256 GB modeli 2199 yuan, 8/512 GB versiyasi esa 2299 yuan etib baholangan. Bu mos ravishda taxminan $236, $280, $324 va $339 ga teng. Smartfon moviy, binafsha, qora va oq ranglarda sotuvga chiqarildi. Hozircha qurilma faqat Xitoy bozorida mavjud.
Qaynoq24.uz Redmi Note 17 5G modelining 6/128 GB varianti oshkor bo‘lgani haqida yozgan edi.


