Redmi Note 17 5G modelining 6/128 GB varianti oshkor bo‘ldi

Foto: Redmi
Jonibek Juraqulov
2 Daqiqa o‘qish

Xiaomi kompaniyasining yangi Redmi Note 17 5G smartfonining Hindiston bozori uchun mo‘ljallangan versiyasi haqidagi ma’lumotlar internetda paydo bo‘ldi. Insayder Abhishek Yadav ma’lumotiga ko‘ra, qurilmaning boshlang‘ich varianti 6 GB tezkor va 128 GB doimiy xotira bilan sotuvga chiqariladi. Smartfon Blue — ko‘k hamda Dark Night — to‘q qora ranglarda taklif etilishi kutilmoqda.

Bu yagona konfiguratsiya bo‘lib qolmasligi mumkin. Xiaomi taqdimotga yaqinroq Redmi Note 17 5G‘ning tezkor va ichki xotirasi kattaroq bo‘lgan boshqa versiyalarini ham e’lon qilishi kutilmoqda. Hozircha kompaniya smartfonning Hindistondagi taqdimot sanasi, narxi va mavjud konfiguratsiyalarini rasman tasdiqlamagan.

Redmi Note 17 avval Xitoyda namoyish etiladi. Yangi smartfonlar seriyasining taqdimoti 2026-yil 14-iyul kuni o‘tkazilishi belgilangan. Redmi Note 17 qurilmasining Hindiston standartlari byurosi — BIS ma’lumotlar bazasida paydo bo‘lgani model keyinchalik ushbu mamlakat bozoriga ham olib chiqilishini ko‘rsatadi.

Kompaniya Redmi Note 17’ning ayrim texnik xususiyatlarini allaqachon tasdiqlagan. Smartfon 120 Hz yangilanish chastotasiga ega 7 dyuymli OLED ekran bilan jihozlanadi. Displeyning umumiy yorqinligi 1 200 nitgacha yetadi. Bu Redmi Note turkumidagi eng katta ekranlardan biri bo‘ladi.

Qurilma 8 000 mA/soat sig‘imli akkumulyator oladi. Batareya 45 vattli tezkor quvvatlash hamda boshqa qurilmalarni kabel orqali 22,5 vatt quvvatda zaryadlash imkoniyatini qo‘llab-quvvatlaydi. Asosiy kamera 50 megapikselli sensorga ega bo‘ladi.

Benchmark ma’lumotlariga ko‘ra, Redmi Note 17 Qualcomm Snapdragon 6s Gen 4 protsessorida ishlashi mumkin. Biroq Xiaomi chip modeli va smartfonning qolgan texnik xususiyatlarini hozircha rasman ochiqlamadi. Qurilmaning narxi, Hindistondagi sotuv boshlanish sanasi va yuqori xotirali versiyalari taqdimotdan keyin ma’lum bo‘lishi kutilmoqda.

Qaynoq24.uz Redmi Turbo 6 seriyasi qachon chiqishi haqida yozgan edi.

TAGGED:
Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
2006-yilda Samarqand viloyati Urgut tumanida tug‘ilgan. Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti talabasi. Kompyuter texnologiyalari, sport, iqtisodiy mavzularda yozishni yoqtiradi. Muvaffaqiyatli shaxslar va huquqiy mavzularda maqolalari chop etilgan. Jonibek Juraqulov Qaynoq24.uz nashrining ma’sul jurnalisti ham hisoblanadi. Aloqa uchun: j.juraqulov@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.