Red Magic kompaniyasi -21°C gacha sovituvchi kulerni taqdim etdi

Foto: Red Magic
Jonibek Juraqulov
2 Daqiqa o‘qish

Red Magic kompaniyasi mobil o‘yinlar paytida smartfon qizib ketishining oldini olishga mo‘ljallangan Magnetic Cooler 6 Pro+ magnitli sovutgichini taqdim etdi. Qurilma 33 Vt gacha quvvatda ishlaydi va ideal laboratoriya sharoitida sovitish yuzasi haroratini –21°C gacha tushira oladi.

Yangi aksessuar Xitoydagi elektron savdo maydonchalarida oldindan buyurtma uchun ochilgan. Uning savdosi 31-iyuldan 209 yuan, ya’ni qariyb $30 narxda boshlanadi. Dastlabki xaridorlar esa qurilmani 189 yuan yoki taxminan $28 ga sotib olishi mumkin.

Magnetic Cooler 6 Pro+ doimiy ravishda 30 Vt quvvatda ishlaydi, maksimal rejimda esa bu ko‘rsatkich 33 Vt ga yetadi. Issiqlikni chiqarish uchun Red Magic 8 Pro smartfonlarida ham qo‘llanilgan termoelektrik sovitish plastinasidan foydalanilgan. Uning 1 640 kvadrat millimetrlik yuzasida 124 juft yarimo‘tkazgich elementi joylashtirilgan.

Foto: Red Magic

Sovutgich ikki qatlamli termal silikon yostiqcha, sovuq usulda ishlov berilgan alyuminiy radiator va yetti parrakli ventilyator bilan jihozlangan. Ventilyator tezligi daqiqasiga 6 ming aylanishgacha yetadi, shovqin darajasi esa taxminan 34 detsibelni tashkil etadi.

Ishlab chiqaruvchining ta’kidlashicha, kuchli yuklama vaqtida qurilma smartfon haroratini 77°C gacha pasaytirishi mumkin. Sovitish yuzasining –21°C ko‘rsatkichi ideal laboratoriya sharoitida qayd etilgan bo‘lib, odatiy xona haroratida natija bundan farq qilishi mumkin.

Qurilmani maxsus mobil ilova orqali boshqarish mumkin. Unda smartfon haroratiga qarab ventilyator tezligini avtomatik o‘zgartiradigan aqlli rejim, tezlikni qo‘lda sozlash funksiyasi va maksimal quvvatda ishlaydigan Destroyer Mode rejimi mavjud.

Magnetic Cooler 6 Pro+ og‘irligi 102 gramm bo‘lib, smartfonga 14 nyuton kuchga ega magnitli halqa yordamida biriktiriladi. Ichki magnitga ega bo‘lmagan telefonlar uchun alohida sotiladigan qisqichdan foydalanish mumkin. Qurilma USB-C porti orqali quvvatlanadi, uning havo kanallari esa issiq havoni gorizontal holatda telefon ushlab turgan foydalanuvchining qo‘llaridan chetga yo‘naltiradi.

Qaynoq24.uz Realme kompaniyasi 2026-yilda GT 9 va Neo 9’ni chiqarmasligi haqida yozgan edi.

TAGGED:
Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
2006-yilda Samarqand viloyati Urgut tumanida tug‘ilgan. Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti talabasi. Kompyuter texnologiyalari, sport, iqtisodiy mavzularda yozishni yoqtiradi. Muvaffaqiyatli shaxslar va huquqiy mavzularda maqolalari chop etilgan. Jonibek Juraqulov Qaynoq24.uz nashrining ma’sul jurnalisti ham hisoblanadi. Aloqa uchun: j.juraqulov@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.