Tecno kompaniyasi tomonidan xalqaro bozorda yangi Tecno Pova 8 5G smartfoni taqdim etildi. Bu haqda kompaniya xabar bermoqda.
Qurilmaning asosiy jihatlaridan biri 8000 mA/soat sig‘imli yirik akkumulyator bo‘ldi. Ishlab chiqaruvchiga ko‘ra, bunday batareya smartfonga ikki kungacha avtonom ishlash imkonini beradi.
Kompaniya batareya resursiga ham alohida urg‘u bermoqda. Ma’lum qilinishicha, akkumulyator 2000 ta quvvatlash siklidan keyin ham sig‘imining 80 foizdan ortig‘ini saqlab qolishi kerak.

Tecno Pova 8 5G yarim shaffof orqa panelga ega dizaynda ishlangan. Smartfonning eng e’tiborga molik vizual elementi kamera blokida joylashgan sozlanadigan piksel mini-ekran bo‘ldi. Ushbu kichik displey qo‘ng‘iroqlar, bildirishnomalar va boshqa voqealar haqida foydalanuvchini xabardor qiladi.
Yangi modelga Tecno AI sun’iy intellekt texnologiyalari ham integratsiya qilingan. Qo‘ng‘iroqlar vaqtida shovqinni kamaytirish tizimi suhbatdosh ovozini ajratib beradi. “AI Studio” funksiyasi esa fotosuratlarni qayta ishlashda yordam beradi.
Rossiya bozori uchun smartfonda “AI Health” funksiyasi ham taqdim etiladi. U foydalanuvchiga puls va boshqa ayrim ko‘rsatkichlarni kontaktsiz o‘lchash imkonini beradi.
Smartfon unumdorligi uchun MediaTek Dimensity 7100 5G platformasi javob beradi. Qurilmada, shuningdek, Tecno‘ning G1 va SE1 nomli ikkita firma chipi qo‘llangan. Ular mobil aloqa va Wi-Fi signali sifatini yaxshilashga xizmat qiladi.

Tecno Pova 8 5G 6,76 dyuymli IPS ekran bilan jihozlangan. Displey 144 Gts yangilanish chastotasini qo‘llab-quvvatlaydi. Kamera tizimida 50 megapikselli asosiy modul va 13 megapikselli old kamera mavjud.
Xotira konfiguratsiyasiga ko‘ra, smartfon 12 GBgacha tezkor xotira va 256 GBgacha ichki xotira bilan taklif etiladi. Qurilma Android 16 asosidagi HiOS 16 interfeysi boshqaruvida ishlaydi.
Qaynoq24.uz Tecno brendining eng yaxshi uchta smartfoni haqida yozgan edi.


