Kanada hukumati 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar va o‘smirlar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni cheklovchi qonun loyihasini taklif qildi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Taklif etilayotgan Safe Social Media Act qonuni Kanada madaniyat vaziri Mark Miller tomonidan Jamoatlar palatasiga kiritildi. Hujjat bolalarni internetdagi zararli kontentdan himoya qilish, sun’iy intellekt chatbotlarini tartibga solish va texnologik platformalar ustidan nazoratni kuchaytirishni maqsad qiladi.
Avstraliya qonunchiligidan farqli ravishda, Kanadada texnologiya kompaniyalari to‘liq taqiqdan chetlab o‘tishi mumkin. Buning uchun ular voyaga yetmagan foydalanuvchilarga yetkazilishi mumkin bo‘lgan zararlarni kamaytirishga qaratilgan samarali siyosat va xavfsizlik choralariga ega ekanini isbotlashi kerak bo‘ladi.
Qonun loyihasi doirasida Kanadada yangi mustaqil regulyator — Raqamli xavfsizlik komissiyasini tashkil etish taklif qilinmoqda. Ushbu organ texnologiya kompaniyalari qonun talablariga rioya qilayotganini nazorat qiladi. Komissiya a’zolari hukumat tomonidan tayinlanishi ko‘zda tutilgan.
Hujjatda “zararli kontent”ning yetti toifasi belgilangan. Ular orasida bolalarni tahqirlash, nafratni qo‘zg‘atuvchi materiallar va zo‘ravonlikka undovchi kontent bor. Qonun buzilgan taqdirda kompaniyalarga 10 mln Kanada dollarigacha yoki global yalpi daromadining 3 foizigacha jarima solinishi mumkin.
Kanada hukumati bunday tashabbusni bolalar xavfsizligi bilan izohlamoqda. Madaniyat vaziri Mark Miller avvalroq internetdagi zararli ta’sirlarga qarshi qonun qabul qilish hukumat uchun ustuvor masala ekanini aytib, bolalar xavfsizligini ta’minlash uchun barcha oqilona choralar ko‘rilishini bildirgan.
Qaynoq24.uz Ispaniya 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlamoqchi ekanligi haqida yozgan edi.


