Isroil va Livan AQSh vositachiligida o‘t ochishni to‘xtatish rejimini amalga oshirishga kelishib oldi. Bu haqda AQSh Davlat departamenti uch tomonlama bayonotida ma’lum qilindi.
Kelishuv Vashingtonda Isroil va Livan vakillari ishtirokida o‘tgan ikki kunlik muzokaralar yakunida qabul qilindi. Unda AQSh vositachi sifatida qatnashgan.
Bayonotga ko‘ra, kelishuvning bajarilishi “Hizbulloh” tomonidan o‘t ochish to‘liq to‘xtatilishi va guruh jangarilarining Litani daryosidan janubdagi hududlardan chiqib ketishiga bog‘liq bo‘ladi. Hujjatda Livan armiyasi nazorat qiladigan pilot hududlar tashkil etilishi ham belgilangan. Bu hududlarda xavfsizlikni faqat Livan qurolli kuchlari ta’minlashi ko‘zda tutilgan.
Tomonlar 22-iyundan boshlanadigan hafta davomida to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarni davom ettirishni rejalashtirmoqda. Uchrashuvlar orqali keng qamrovli bitimga erishish va ochiq qolayotgan masalalarni hal qilish maqsad qilingan.
Isroil va “Hizbulloh” o‘rtasidagi ziddiyat AQSh hamda Isroilning Eronga qarshi urushi boshlanganidan keyin yana keskinlashgan edi. Mart oyidan boshlab “Hizbulloh” Isroil hududiga raketa zarbalarini qayta boshlagan.
Guruh buni Eron oliy rahbari oyatulloh Ali Xomanaiy amerika-isroil zarbalari oqibatida halok bo‘lganiga javob sifatida izohlagan. Isroil harbiy-havo kuchlari esa Livan hududidan berilgan zarbalarga keng ko‘lamli havo hujumlari bilan javob qaytargan.
Zarbalar orasida Livan poytaxti Bayrutga qilingan hujumlar ham bo‘lgan. Isroil janubiy Livanda Litani daryosi va o‘z chegarasi oralig‘ida bufer hudud yaratish uchun quruqlik amaliyotini ham boshlagan.
Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, janglar va bombardimonlar oqibatida qariyb 2200 kishi halok bo‘lgan. Qurbonlar orasida ayollar va bolalar ham borligi aytilmoqda.
Qaynoq24.uz Isroil Livandagi Bovfort qal’asini egallagani haqida yozgan edi.


