Ispaniya terma jamoasi futbol bo‘yicha 2026-yilgi jahon chempionati finalida Argentinani 1:0 hisobida mag‘lub etib, o‘z tarixida ikkinchi bor mundial g‘olibiga aylandi. Nyu-Jersi shtatining Ist-Raterford shahridagi Nyu-York/Nyu-Jersi stadionida o‘tkazilgan uchrashuvning yagona golini Ferran Torres qo‘shimcha bo‘limning 106-daqiqasida urdi.
Ispaniya bundan avval 2010-yilda Janubiy Afrika Respublikasida o‘tkazilgan jahon chempionatida g‘olib chiqqan edi. O‘shanda Andres Inyesta Niderlandiyaga qarshi finalning qo‘shimcha bo‘limida hal qiluvchi golni kiritgan.
Shu tariqa, ispanlar 16 yillik tanaffusdan keyin yana jahon chempionligi kubogini qo‘lga kiritdi. Ispaniya ayni paytda erkaklar va ayollar o‘rtasidagi jahon chempionligi unvoniga bir vaqtda egalik qilayotgan birinchi mamlakatga aylandi. Mamlakat ayollar terma jamoasi 2023-yilda mundialda g‘olib bo‘lgan edi.
Luis de la Fuente boshchiligidagi Ispaniya finalning dastlabki daqiqalaridanoq to‘p nazoratini o‘z qo‘liga oldi. Beshinchi daqiqada Lamin Yamal hisobni ochishga yaqin keldi.

Argentina sardori Lionel Messi esa oldinga uzatilgan to‘pga yetib bora olmadi — vaziyatni Ispaniya darvozaboni Unay Simon bartaraf etdi. Birinchi bo‘lim davomida argentinalik darvozabon Emiliano Martines Mikel Oyarzabalning xavfli zarbasini qaytardi.
Ispaniya to‘pni ko‘proq nazorat qilganiga qaramay, Argentina himoyasi asosiy vaqt davomida hisobni saqlab turdi. Amaldagi jahon chempionlari 90 daqiqa davomida Ispaniya darvozasi tomon birorta ham zarba bera olmadi. Emiliano Martines esa ketma-ket seyvlar bilan jamoasini mag‘lubiyatdan saqlab turdi.
Asosiy vaqtga qo‘shib berilgan daqiqalarda Argentina yarim himoyachisi Enso Fernandes Pau Kubarsiga nisbatan qo‘pol harakat qilgani uchun maydondan chetlatildi. Natijada Lionel Skaloni jamoasi qo‘shimcha bo‘limlarni o‘n kishi bo‘lib o‘tkazishga majbur bo‘ldi. Ispaniya son jihatdan ustunlikka ega bo‘lsa-da, hal qiluvchi gol uchun 106-daqiqagacha kutdi.


