2026-yilning yanvar–iyun oylarida o‘tkazilgan soliq auditlarida 8,2 trln so‘mlik summa aniqlandi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi xabar berdi.
Davlat soliq xizmati organlari soliqlarni to‘lamaslik xavfi yuqori deb baholangan 2 335 ta tadbirkorlik subyektida soliq auditi o‘tkazdi. Tekshiruvga jalb qilingan korxonalar ushbu davrda faoliyat yuritgan jami 601 mingta soliq to‘lovchining 0,4 foizini tashkil etdi.
Auditdan oldin ushbu subyektlar faoliyatidagi soliq xavfi 12,4 trln so‘mga baholangan. Tekshiruvlar natijasida esa 8,2 trln so‘mlik soliq summasi aniqlandi. Eng katta ulush savdo va umumiy ovqatlanish sohasiga to‘g‘ri kelib, bu yo‘nalishda 3,4 trln so‘m yoki jami aniqlangan summaning 41,4 foizi qayd etildi.

Qurilish sohasidagi auditlarda 2,4 trln so‘mlik soliq summasi aniqlangan bo‘lib, uning umumiy ko‘rsatkichdagi ulushi 30 foizni tashkil etdi. Ishlab chiqarish korxonalarida 727,7 mlrd so‘m, xizmat ko‘rsatish sohasida 432,1 mlrd so‘m, transportda 320,7 mlrd so‘m, qishloq xo‘jaligida 205,9 mlrd so‘m hamda boshqa yo‘nalishlarda 662 mlrd so‘mlik summa qayd etildi.
O‘tkazilgan auditlar davomida 1 124 ta soliq to‘lovchi tomonidan jami 12,5 trln so‘mlik soliq bazasi yashirilgani ham aniqlandi. Jumladan, 442 ta subyekt hisobotlarda 4,5 trln so‘mlik realizatsiya qilingan tovarlarni ko‘rsatmagan. Yana 371 ta korxonada hujjatlarda qayd etilgan 4,2 trln so‘mlik tovarlar inventarizatsiya vaqtida ombor yoki savdo joylarida mavjud bo‘lmagan.
Qaynoq24.uz ishlab chiqarish sohasidagi 1 mingdan ortiq korxonaning soliq qarzi 1,5 trln so‘mdan oshgani haqida yozgan edi.


