Yaponiyaning janubidagi Kumamoto prefekturasida yuz bergan kuchli zilzila oqibatida kamida 13 kishi halok bo‘ldi. Qutqaruvchilar vayronalar ostida qolgan va bedarak yo‘qolgan odamlarni izlashda davom etmoqda, shu sababli qurbonlar soni yana oshishi mumkin.
Yer silkinishi 28-iyul kuni mahalliy vaqt bilan soat 16:27 da Kyusyu orolida qayd etildi. Zilzila magnitudasi dastlab 7,1 deb baholandi. Eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlarda uning kuchi Yaponiyaning Shindo shkalasi bo‘yicha eng yuqori — yettinchi darajaga yetgan.

Eng og‘ir holatlardan biri Kasima shahridagi Aeon Mall savdo markazida yuz berdi. Binoning bir qismi qulab tushib, ichkarida odamlar qolib ketgan. Mahalliy OAV ma’lumotiga ko‘ra, qulashdan oldin savdo markazida portlash sodir bo‘lgan. Hodisaga gaz sizib chiqishi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Qutqaruvchilar majmuadan bir necha kishini olib chiqqan, bedarak yo‘qolganlarni izlash ishlari esa davom etmoqda.
Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaiti qutqaruv ishlari vaqt bilan poyga sharoitida olib borilayotganini bildirdi. Uning aytishicha, hukumat imkoniyatdagi barcha kuch va vositalarni safarbar etib, tirik qolganlarni tezroq topishga harakat qilmoqda. Zilzila oqibatida ko‘plab binolar qulagan, ayrim hududlarda yong‘inlar kelib chiqqan, avtomobil yo‘llari va ko‘priklar zarar ko‘rgan.
Dastlab kamida 50 kishi shifoxonalarga olib borilgani xabar qilingan. Keyingi ma’lumotlarda Kumamoto shahri va Yatsusiro hududidagi tibbiyot muassasalariga murojaat qilgan jarohatlanganlar soni qariyb 90 nafarga yetgani qayd etildi.
Qaynoq24.uz Venesueladagi zilzilalarda halok bo‘lganlar soni qariyb 3 ming kishiga yetgani haqida yozgan edi.


