Toshkent shahridagi maydoni 5 ming kv.metrdan ortiq savdo markazlarida kitob do‘konlarini tashkil etish majburiy bo‘ladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Hujjatga ko‘ra, 2031-yil 1-yanvarga qadar poytaxtda tajriba tariqasida yangi tartib joriy etiladi. Barcha tumanlarni maxsus iqtisodiy va sanoat zonalari bilan bog‘lash, ularning imkoniyatlarini kengaytirish hamda yangi loyihalar sonini oshirish rejalashtirilgan.
Har bir tumanga loyihalarni joylashtirish uchun maxsus iqtisodiy va sanoat zonalaridan yer maydonlari ajratiladi. Ularni biriktirish to‘g‘risidagi qarorni Toshkent shahri hokimi qabul qiladi.
Shuningdek, Olmazor tumanidagi Yoshlar markazi binosida Yoshlar kreativ parki tashkil etiladi. U yerda istiqbolli startaplar qo‘llab-quvvatlanadi, yoshlar xorijiy tillar va zamonaviy kasblarga o‘qitiladi hamda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan loyihalar amalga oshiriladi.
«Toshkent kitob tijorat» uyushmasiga a’zo tadbirkorlarga aholi gavjum joylar, bozorlar, yirik savdo markazlari va markaziy ko‘chalarda yengil konstruksiyali kitob do‘konlarini o‘rnatishga ruxsat beriladi. Bundan tashqari, «Book cafe»lar hamda tun-u kun ishlaydigan sayilgohlarda «kitob ko‘chasi» faoliyatini yo‘lga qo‘yish mumkin bo‘ladi. Qaror 2026-yil 29-iyuldan kuchga kirdi.
Qaynoq24.uz Toshkent viloyatida 465 mln dollarlik to‘qqizta loyiha boshlanishi haqida yozgan edi.


