Aviatsiya sohasidagi xavflar 3 toifada baholanadi

Foto: Pexels
Jonibek Juraqulov
2 Daqiqa o‘qish

O‘zbekistonda aviatsiya sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subyektlarida qonunchilik buzilishi xavfini avtomatik baholaydigan «Xavfni tahlil qilish» elektron tizimi joriy etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Yangi tartibga ko‘ra, tadbirkorlik subyektlarining faoliyatida qonunchilik talablarini buzish ehtimoli elektron tizim orqali avtomatlashtirilgan tarzda baholanadi. Xavf darajasini aniqlashda davlat organlarining axborot tizimlari, statistik ma’lumotlar, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari, ommaviy axborot vositalari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalardan olingan ma’lumotlardan foydalaniladi.

Xavfni tahlil qilish jarayonida tadbirkorlik subyektlaridan qo‘shimcha hujjatlar yoki ma’lumotlar talab etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Baholash mavjud axborot bazalari va ochiq manbalardagi ma’lumotlar asosida amalga oshiriladi.

Tadbirkorlik subyektlari beshta yo‘nalish bo‘yicha baholanadi. Bular aerodromlar va yer usti qurilmalari, havo kemalarining parvozga yaroqliligi, havo kemalari ekspluatantlarining parvozlarni amalga oshirishi, uchuvchisiz uchish apparatlari ekspluatantlarining faoliyati hamda qidiruv va avariya-qutqaruv xizmatlarini tashkil etishni qamrab oladi.

Tahlil natijasiga ko‘ra, huquqbuzarlik xavfi yuqori, o‘rta yoki past toifaga ajratiladi. Yuqori va o‘rta xavf guruhiga kiritilgan subyektlarda profilaktika tadbirlari hamda tekshiruvlar qonunchilikda belgilangan tartibda o‘tkazilishi mumkin. Past xavf toifasidagi tadbirkorlik subyektlarida esa tekshiruvlar tashkil etilmaydi.

Shu bilan birga, elektron tizim aniqlagan xavf darajasi tadbirkorlik subyektiga nisbatan bevosita ta’sir choralarini qo‘llash uchun mustaqil asos hisoblanmaydi. Ya’ni tizim natijalari jarima yoki boshqa sanksiyalarni avtomatik ravishda qo‘llashga olib kelmaydi.

Qaynoq24.uz aviatsiya dispetcherlari uchun tibbiy ko‘rik talabi bekor qilingani haqida yozgan edi.

Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
2006-yilda Samarqand viloyati Urgut tumanida tug‘ilgan. Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti talabasi. Kompyuter texnologiyalari, sport, iqtisodiy mavzularda yozishni yoqtiradi. Muvaffaqiyatli shaxslar va huquqiy mavzularda maqolalari chop etilgan. Jonibek Juraqulov Qaynoq24.uz nashrining ma’sul jurnalisti ham hisoblanadi. Aloqa uchun: j.juraqulov@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.