Samsung‘ning kelajakdagi Samsung Galaxy S27 Ultra flagman smartfoni avvalgi modelga nisbatan qimmatroq sotilishi mumkin. Bu haqda Sammobile nashri xabar berdi.
Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, Qualcomm mijozlariga xat yuborib, ishlab chiqarish xarajatlari ortgani sababli o‘z mahsulotlari narxini sezilarli darajada ko‘tarishini bildirgan. Yangi narxlar 2026-yil 1-sentabrdan keyin jo‘natiladigan mahsulotlarga tatbiq etilishi kutilmoqda.
Kompaniya qarorini chip ishlab chiqarishda zarur bo‘lgan komponentlar qimmatlashgani bilan izohlagan. Qualcomm muqobil yetkazib beruvchilarni topish va qo‘shimcha xarajatlarning bir qismini o‘z zimmasiga olish orqali narxlarni saqlab qolishga uringan. Biroq manbalarga ko‘ra, kompaniyaning bunday imkoniyatlari deyarli tugagan.
Narx oshishi Qualcomm’ning flagman Snapdragon protsessorlariga ham ta’sir qilishi mumkin. Samsung hozirgi Galaxy S26 Ultra modelida Snapdragon chiplaridan foydalanmoqda. Shu sababli keyingi avlod Galaxy S27 Ultra uchun protsessor xarajatlarining oshishi smartfonning yakuniy narxiga ham ta’sir ko‘rsatishi ehtimoldan xoli emas.
Samsung uchun bosim faqat protsessorlar bilan cheklanmayapti. Operativ va ichki xotira chiplarining ham qimmatlashayotgani ishlab chiqarish tannarxini yanada oshirishi mumkin. Kompaniya bu xarajatlarning bir qismini qurilma narxiga qo‘shishga majbur bo‘lishi ehtimoli bor.
Avvalroq Samsung yangi bukiladigan smartfonlari narxini oshirgani haqida xabar berilgan edi. Ushbu modellar ham Snapdragon protsessorlari bilan jihozlangan.
Hozircha Galaxy S27 Ultra rasman taqdim etilmagan, uning narxi ham e’lon qilinmagan. Qualcomm esa chiplar narxi oshirilishi haqidagi xabarga rasmiy izoh bermadi. Shu bois Galaxy S27 Ultra’ning qimmatlashishi hozircha bozor xarajatlari va yetkazib berish zanjiridagi vaziyatga asoslangan taxmin bo‘lib qolmoqda.
Qaynoq24.uz Samsung Galaxy S26 FE va Tab S12 qachon chiqishi haqida yozgan edi.


