Samsung‘ning yangi Samsung Galaxy S26 FE smartfoni va Galaxy Tab S12 planshetlar turkumi Google ilovasidagi ichki qurilmalar ro‘yxatida paydo bo‘ldi. Bu haqda Gizmochina xabar bermoqda.
Android Authority ma’lumotiga ko‘ra, ro‘yxatda avvalroq Galaxy Z Fold 8 va Galaxy Z Flip 8 modellari qayd etilgan edi. Galaxy S26 FE hamda Galaxy Tab S12’ning qo‘shilishi ularning rasmiy taqdimoti yaqinlashayotganidan darak berishi mumkin. Samsung ikkala mahsulotni ham 2026-yil sentyabr oyida namoyish etishi kutilmoqda.
Galaxy Tab S12 Ultra tashqi ko‘rinish jihatidan avvalgi Tab S11 Ultra’ga o‘xshash bo‘lishi mumkin. Planshetning old kamerasini joylashtirish uchun V shaklidagi kesma saqlab qolinishi aytilmoqda. Qurilma o‘lchamlari 326,34 × 208,46 × 5,12 millimetrni tashkil etishi, ya’ni avvalgi model bilan deyarli bir xil bo‘lishi kutilmoqda.
Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Galaxy Tab S12 Ultra bitta old va ikkita orqa kamera bilan jihozlanadi. Planshet MediaTek Dimensity 9500 protsessorida ishlashi, 12 yoki 16 GB tezkor xotira hamda 256 GB, 512 GB yoki 1 TB ichki xotira variantlarida taklif qilinishi mumkin. Qurilma One UI 9.0 interfeysi bilan chiqarilishi va olti yil davomida Android yangilanishlarini olishi aytilmoqda.
Galaxy S26 FE esa Samsung‘ning 2026-yildagi yangi dizayn yo‘nalishini davom ettirib, korpusdan bo‘rtib chiqqan kamera bloki va tekis yon romlarga ega bo‘lishi kutilmoqda. Geekbench bazasidagi ma’lumotlarda qurilma platasi s5e9955 kodi bilan qayd etilgan bo‘lib, bu Exynos 2500 protsessoriga mos keladi.
Qaynoq24.uz Samsung Galaxy A57 smartfoni 100 dollarga arzonlagani haqida yozgan edi.


