O‘zbekistonda jismoniy tarbiya va sport tashkilotlari faoliyatini to‘liq raqamlashtirish, boshqaruv jarayonlarini yagona tizimga o‘tkazish hamda sport xizmatlarini onlayn shaklda kengaytirish rejalashtirilmoqda.
«ERP sport» yagona boshqaruv tizimi joriy etiladi
Qarorga ko‘ra, sport sohasini raqamlashtirish va boshqaruv samaradorligini oshirish ustuvor yo‘nalishlardan biri etib belgilandi.
Buning uchun jismoniy tarbiya va sport tashkilotlari faoliyati bosqichma-bosqich to‘liq raqamlashtiriladi.
Shuningdek, «ERP sport» yagona elektron boshqaruv tizimining yaxlit kompleksi joriy etilib, uning boshqa davlat tashkilotlari axborot tizimlari bilan integratsiyasi ta’minlanadi.
Sport sohasida joriy qilinayotgan axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarning uzluksiz ishlashini ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratiladi.
Sport inshootlarini ilova orqali band qilish mumkin bo‘ladi
«ERP sport» tizimi doirasida yaratilgan MySport mobil ilovasining imkoniyatlari ham kengaytiriladi.
Ilova orqali pulli xizmat ko‘rsatuvchi davlat va nodavlat sport tashkilotlarining bino va inshootlarini soatbay, kunbay, oylik yoki yillik tariflar asosida band qilish mumkin bo‘ladi.
Foydalanuvchilar bron qilish bilan birga to‘lovni ham tizim orqali amalga oshira oladi.
Ijaradan tushadigan mablag‘lar nazorat qilinadi
Yangi tizim davlat sport tashkilotlari bino va inshootlarini ijaraga berishdan tushadigan mablag‘larni ham nazorat qilish imkonini beradi.
Bu sport obyektlaridan foydalanish va ulardan tushayotgan daromadlar bo‘yicha hisob-kitoblarni yagona elektron tizim orqali yuritishga xizmat qiladi.
Reyting, tarif va lokatsiyalar ham ko‘rinadi
MySport ilovasida sport tashkilotlari reytinglari, sport turlari, xizmatlar tariflari va sport inshootlarining joylashuvi haqida ma’lumot olish mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, foydalanuvchilar aksiyalar hamda boshqa axborot va statistik ma’lumotlarni ko‘rishi mumkin.




