Hindistonning Glocal Yevroaziya kompaniyasi Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida mis qazib olish va qayta ishlash loyihasini amalga oshirmoqda. Viloyat hokimligi axborot xizmatiga ko‘ra, loyiha qiymati $650 mlnni tashkil etadi.
16-oktabr kuni hokim Ulug‘bek Qosimov va kompaniya raisi Iqbol Mohammad boshchiligidagi delegatsiya o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha kelishuv imzolangan. Loyiha doirasida yiliga 10 ming tonna mis qazib olish va qayta ishlashga mo‘ljallangan zavod qurilishi rejalashtirilgan. Korxona ishga tushgach, 350 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Hozirda loyiha bo‘yicha geologik-qidiruv ishlari yakunlangan, zavod qurilishi esa amaliy bosqichda davom etmoqda. Uchrashuvda, shuningdek, investorlar Surxondaryoda sog‘liqni saqlash va oliy ta’lim sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga ham qiziqish bildirgan.

